AQSh Arktikada Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik chuqurlashishidan xavotirda

Jahon 09:05 / 24.07.2024 6313

AQSh Mudofaa vazirligi Arktika mintaqasida Rossiya-Xitoy hamkorligi kengayishi xavfi haqida ogohlantirdi. 22 iyul, dushanba kuni Pentagon kotibi o‘rinbosari Ketlin Xiks AQShning 2024 yilga mo‘ljallangan Arktika strategiyasini e’lon qilar ekan: «Biz Arktikada Xitoy va Rossiya o‘rtasida o‘sib borayotgan tijoriy hamkorlikni ko‘ryapmiz, Xitoy Rossiyaning Arktika energiyasidan foydalanishi bo‘yicha asosiy qo‘llab-quvvatlovchi», dedi.

Arktikada Rossiya harbiylari mavjudligi - mintaqa davlatlar orasida eng kattasi

Bundan tashqari, Vashington Arktika mintaqasida Rossiya Federatsiyasi va Xitoy o‘rtasida harbiy hamkorlik o‘sishi, xususan, Alyaska qirg‘oqlarida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilishini qayd etdi. Bunday harakatlar iqlim o‘zgarishi fonida kuchaydi, dedi Xiks. Arktika mintaqasida global isish va muz qoplamining yupqalashishi uni yanada qulayroq qilmoqda, u yerda yuk tashish yo‘llari va resurslar uchun raqobat kuchaygan. 

Shu bilan birga, Rossiyaning Arktikada harbiy mavjudligi mintaqadagi barcha davlatlar orasida eng kattasi bo‘lib, AQSh va uning ittifoqchilari hududlariga tahdid solishi mumkin. Vashington qayd etishicha, Rossiya Federatsiyasi Arktikadagi mavjudligini oshirmoqda, sovet davridagi harbiy inshootlarni qayta ochmoqda va Arktika suvlariga da’vo qilmoqda. «Rossiya mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid solishda davom etmoqda», - dedi Ketlin Xiks. 

Arktika - AQSh uchun strategik muhim mintaqa

Pentagon veb-saytida e’lon qilingan hujjatda Arktika Qo‘shma Shtatlar uchun «strategik muhim mintaqa» deb ataladi, u orqali mamlakatga shimoliy yo‘llar o‘tadi va «AQShning muhim mudofaa infratuzilmasi» joylashgan.

Shu bilan birga, Vashington bu mintaqada sheriklik uchun katta imkoniyatlarga ega, chunki sakkiz Arktika davlatidan yettitasi NATOga a’zo. Shuning uchun Qo‘shma Shtatlar bu afzalliklardan foydalanishi kerak. Strategiyada AQShning Arktikadagi ishtirokini kengaytirish, jumladan, amaliyotlar va harbiy mashqlar sonini oshirish orqali xavfsizlikni mustahkamlash taklif qilinadi. 

Bundan tashqari, Pentagon Rossiya Federatsiyasi va Xitoyning tegishli faoliyatidan ortda qolmaslik uchun Arktikada sensor va radar tizimlari, aloqa va kosmik texnologiyalarni modernizatsiya etishga sarmoyalarni ko‘paytirish zarurligini e’lon qildi. Bu Arktika xavfsizligi va qo‘shinlarning zarur jihozlarini ta’minlash uchun «tanqidiy davr», deb ta’kidladi Xiks. 

Pentagon Arktikada xavflarni yumshatish uchun armiyani tayyorlashni rejalashtirmoqda 

«2030 yilga borib Arktika o‘zining birinchi yozini deyarli muz qoplamisiz boshdan kechirishi mumkin va dengiz muzi yo‘qolishi Arktika dengiz tranzit yo‘nalishlari ahamiyatini oshiradi, suvosti resurslariga kirish imkonini beradi», deyiladi Pentagon hujjatida. 

Idora fikricha, mintaqada inson faolligining kuchayishi baxtsiz hodisalar, noto‘g‘ri hisob-kitoblar va atrof-muhit buzilishi xavfini oshiradi. Shu bilan birga, AQSh armiyasi «Arktikada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar bilan bog‘liq xavflarni yumshatish uchun tayyorlanishi va jihozlanishi kerak». 

Ko‘proq yangiliklar: