Xorvatiya shimolidagi Daruvar shahrida qurollangan shaxs qariyalar uyida otishma uyushtirdi, deb xabar bermoqda Xorvatiya OAV va rasmiylari 22 iyul, dushanba kuni. Ularga ko‘ra, hujum oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi jarohatlangan.
Index axborot portalining yozishicha, besh kishi voqea joyida vafot etgan, yana bir kishi keyinroq kasalxonada hayotdan ko‘z yumgan, qolgan jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Olti kishi tibbiyot muassasalarida, deya xabar beradi HRT teleradiokompaniyasi. Ulardan uch nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchi jinoyat sodir etgan joydan qochib ketgan, biroq tez orada politsiya uni yaqin atrofdagi kafeda qo‘lga olgan.
Tergov ishlari olib borilmoqda
O‘q otgan shaxs 51 yoshli nafaqadagi harbiy politsiyachi bo‘lib chiqdi, deb yozadi Mojportal. Taxminlarga ko‘ra, uning onasi qariyalar uyida yashagan. Xabar qilinishicha, halok bo‘lganlar orasida ushbu ayol ham bor, boshqa fuqarolar va muassasa xodimlari ham jabrlangan.
Xorvatiya bosh vaziri Andrey Plenkovich hujumni chuqur tergov qilishga chaqirdi. «Biz halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildiramiz va yaradorlarning sog‘ayib ketishiga umid qilamiz», — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.