O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri Kir Starmer G‘azodagi vaziyatni chidab bo‘lmas deb atadi. U sektorda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish zarurligi, jahon afkor ommasi “aybsiz tinch aholi”ning tortayotgan azoblariga “ortiq toqat qilolmasligi”ni ta’kidlagan.
U Buyuk Britaniyaning kursi G‘azodagi barcha garovdagilarni ozod qilish va insonparvarlik yordam hajmini ulkanlashtirishga qaratilganini ta’kidladi. Starmerga ko‘ra, bunga erishishning yagona yo‘li — o‘t ochishni to‘xtatishdir.
Biroq, bunday chorlovlarga qaramasdan, Isroil G‘azo sektori janubidagi humanitar zonada harbiy operatsiya o‘tkazishga tayyorlanmoqda. Isroil bu yerda yashovchi aholiga vaqtincha evakuatsiya qilinishni buyurdi. TsAHAL ushbu hududda HAMAS vakillari yashirinib olgan, deb hisoblamoqda.
G‘azoning HAMAS nazoratidagi sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil so‘nggi ikki hafta ichida bu hududda bir necha bor havo hujumlarini amalga oshirgan, oqibatda jami 90 nafar falastinlik tinch aholi halok bo‘lgan. Isroilning bildirishicha, zarbalarda HAMAS jangovar qanoti qismlari nishonga olingan.
BBC xabariga ko‘ra, endi Isroil armiyasi ushbu hududda quruqlikda operatsiya o‘tkazmoqchi va shu sabab tinch aholidan xavfli hududni tark etishni so‘ramoqda.
Isroil harbiylariga ko‘ra, HAMAS jangarilari xavfsiz hududning bir qismi bo‘lgan Xon Yunus chekkasida mustahkam o‘rnashib olgan va u yerdan Isroil armiyasiga qarshi raketa va artilleriya hujumlarini uyushtirmoqda.
Evakuatsiya e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi Isroilning Xon Yunus chekkasida bergan zarbasi oqibatida 14 kishi, jumladan, olti bola va to‘rt ayol halok bo‘lganini aytdi.
Xon Yunus G‘azo sektoridagi ikkinchi yirik shahardir. Isroil harbiy amaliyoti boshlanishida mintaqaning shimoliy hududlaridan minglab aholi janubga, jumladan, Xon Yunusga evakuatsiya qilindi. Joriy yilning may oyida janglar eng janubiy Rafah shahriga ko‘chishi bilan shahar yana o‘n minglab odamlarni qabul qildi.
BMT bu hudud allaqachon gavjum ekanligidan ogohlantirmoqda. Odamlar asosiy shart-sharoitsiz vaqtinchalik chodir lagerlarida yashayapti.
G‘azoda urushning 290-kuniga kelib halok bo‘lganlar 39 mingdan, yaradorlar esa 90 mingdan oshgani ma’lum qilinmoqda.
Ukrainaga yordam
Ukraina yoz fasli oxirigacha yana 100 mingta o‘q-dorilarni qabul qilib oladi, deya xabar tarqatgan Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy.
Eslatib o‘tamiz, Chexiya prezidenti “Ukraina uchun 1 million snaryad” tashabbusini boshlab bergan va shu paytgacha Ukraina 300 mingdan ortiq snaryadni qabul qilib olgan.
Yan Lipavskiyga ko‘ra, sentabr oyidan boshlab snaryadlarni yetkazib berish tezligi oshadi. Boz ustiga, Chexiya mazkur tashabbusni 2025 yilda ham davom ettirish uchun pul izlashga tushgan.
Praganing tashabbusiga allaqachon 18 ta davlat qo‘shilgan, ularning 15 tasi mablag‘ ham o‘tkazib bergan. Chexiya hukumati Ukraina uchun snaryadlarni aynan qayerdan sotib olayotgani hozircha sir saqlanmoqda.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar
AQShning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni aylanib o‘tishga nisbatan qo‘llagan choralari Xitoyning Rossiyaga yarimo‘tkazgichlar yetkazib berishini qulatdi, deb yozmoqda Reuters AQSh savdo vazirligiga tayanib.
Idoraning ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvaridan mayigacha Hongkong orqali Kremlning harbiy ehtiyojlari uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan ilg‘or tarkibiy qismlar va mikroelektronika jo‘natilishi hajmi 28 foizga qisqargan. Bu hudud hisobdan soqit etilganida, shunday tovarlarning Xitoy orqali yetkazilishi 19 foizga kamaygan.
AQSh hukumati Hongkong va Xitoyni Rossiya o‘z harbiy sanoati uchun chiplar sotib oladigan asosiy global tugunlar deb hisoblaydi.
Avvalroq AQSh Davlat deparamenti va g‘aznachiligi butun dunyo bo‘ylab o‘nlab kompaniyalarni Ukrainaga qarshi urushda ishlatilishi mumkin bo‘lgan tovarlarni Rossiyaga yetkazayotgani uchun sanksiya ro‘yxatlariga kiritgan edi. Shuningdek, Hongkongdagi yarimo‘tkazgichlar savdosi bilan shug‘ullanayotgan firmalar ham cheklov ostiga tushgandi.
AQSh savdo vazirligi vakiliga ko‘ra, noqonuniy oqimlarning pasayishi Amerika hukumatining agressiv choralari, shuningdek, ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralari hosilasidir.
“Biz mahsulotlari jang maydoniga yo‘naltirilayotgan istalgan kompaniya bilan gaplashmoqdamiz. Nekbinlik uchun asos bor, chunki biz bu savdo operatsiyalarining ayrimlarini sekinlashtirishga muvaffaq bo‘ldik”, - degan mulozim.
Mana shu holatda ham Xitoy hamon Rossiyaga noqonuniy mahsulotlar yetkazib berish borasida AQSh uchun “asosiy boshog‘rig‘i” bo‘lib turibdi.
O‘tgan yilning avgust-dekabr oylarida Xitoyda ro‘yxatdan o‘tgan 200 dan ziyod firma Rossiyaga 2 mlrd dollarlik mahsulot yuklab yuborgan. Shu davr ichida Hongkongdan 750 mln dollarlik chiplar xarid qilingan. Ularning orasida AQShda ishlab chiqarilganlari ham bor.
Rossiya cheklovlarga qarshi
Rossiya yangi yashirin floti uchun maxfiy tarzda 50 ta gaz tashuvchi tankerlar sotib olgani ma’lum bo‘ldi. Rossiya o‘tgan yiliyoq o‘zining suyultirilgan gaz sektoriga sanksiyalar qat’iylashtirilishiga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan va suyultirilgan tabiiy gaz tashib oluvchi tankerlarni sezdirmasdan xarid qila boshlagan.
Bu kutilgan narsa edi, biroq g‘arb davlatlari tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni sezilarli tarzda aylanib o‘tish imkonini bergan neft sektori muvaffaqiyatini takrorlash oson bo‘lmaydi, deyishmoqda ekspertlar.
2023 yilning II choragidan boshlab 50 dan ziyod gaz tashuvchi kemalar o‘z egalarini o‘zgartirib, BAAda qayddan o‘tishgan. Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, tankerlar Rossiya STGsi tashiladigan yo‘nalishlarda allaqachon ishlamoqda. Ulardan biri “Novatek”ning “Yamal STG” loyihasida gaz yuklab olgan.
Muzyorar tankerlardan to‘rttasi II chorakda bozor uchun notanish bo‘lgan Dubayning White Fox Ship Management firmasi egaligiga o‘tkazilgan. Bu firmaning hattoki o‘z ofisi ham yo‘q, deb yozadi Bloomberg kemalarning global Equasis ma’lumotlar bazasiga asoslanib. Bu tankerlar shu yilning yozida Shimoliy muz okeanidan o‘tuvchi shimoliy dengiz yo‘li bo‘ylab qatnashga ruxsat olgan. Bu yo‘l orqali “Yamal STG”dan suyultirilgan gaz tashiladi.
AQShdagi saylov
Jo Bayden saylovda ishtirok etishdan voz kechganidan keyin 24 soat ichida Demokratik partiya hisobiga 55 million dollardan ortiq mablag‘ kelib tushgan. Bu pullar Kamala Harrisning saylovoldi kampaniyasiga ham, partiyaning boshqa nomzodlariga ham yo‘naltiriladi.
Bayden saylovda ishtirokida davom ettiraman, deya ta’kidlagan onlarda demokratik partiyaning ayrim donorlari pul bermasligini aytgan edi.
Ammo Bayden saylov poygasidan chiqishini e’lon qilganidan beri AQSh Demokratik partiyasi kichik donorlar uchun ActBlue platformasida 55 million dollardan ortiq mablag‘ yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Jo Bayden 21 iyul kuni AQSh prezidentligi saylovdan o‘z nomzodini qaytarib olishini e’lon qilgan edi. Amaldagi davlat rahbari bu qarorni Demokratik partiya va butun mamlakat manfaatlarini ko‘zlab qabul qilganini alohida ta’kidladi.
Yevropa tomon yuz tutgan Armaniston
Yevropa Ittifoqi Armaniston bilan vizasiz rejim joriy etish bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi. Bu haqda Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan ma’lum qildi, deb yozdi Reuters.
Bunga erishish uchun o‘tkaziladigan muzokaralar odatda ko‘p yillar davom etadi. Yakuniy qaror uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlarning roziligi talab qilinadi.
Mirzoyan bo‘lajak muzokaralarni «Armaniston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi umumiy qadriyatlar va tamoyillarga asoslangan sheriklikni chuqurlashtirishdagi juda muhim bosqich», deb atagan.
Hozir Yevropa Ittifoqi sobiq SSSR tarkibiga kirgan uchta davlat - Moldova, Gurjiston va Ukraina bilan vizasiz rejimga ega. Estoniya, Latviya va Litva esa allaqachon Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan.
Armaniston so‘nggi paytlarda G‘arb davlatlari bilan aloqalarini mustahkamlamoqda. Bu Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi fonida ro‘y bermoqda. Yerevanda ko‘pchilik Moskva Armanistonni Ozarboyjon bilan mojaroda KXShT doirasida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ittifoqchilik majburiyatlarini bajarmagan deb hisoblaydi.