Xitoy: Falastin guruhlari muvaqqat hukumat bo‘yicha kelishib oldi

Jahon 14:50 / 23.07.2024 3808

Xitoyda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida 14 ta Falastin guruhi G‘azo sektorida jangovar harakatlar tugaganidan so‘ng «kelishuv uchun milliy muvaqqat hukumat» tuzish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Pekin deklaratsiyasi imzolangani haqida 23 iyul, seshanba kuni Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I e’lon qildi.

Xitoy ma’lumotlariga ko‘ra, imzo chekkanlar orasida HAMAS vakillari, shuningdek, uning raqibi - Falastinni ozod etish tashkiloti (FOET)dagi eng kuchli fraksiya FATH bor. FATH Isroilning mavjud bo‘lish huquqini tan olgan va aksariyat G‘arb davlatlarida falastinliklar vakili sifatida ko‘riladi.

Pekin: Xitoy mojaroni hal qilishda konstruktiv rol o‘ynashga tayyor 

Vang I, shuningdek, yarashuv «Falastin guruhlarining ichki ishi», ammo «xalqaro hamjamiyat ko‘magisiz unga erishib bo‘lmaydi» deb ta’kidladi. Xitoy Yaqin Sharqda «tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda konstruktiv rol» o‘ynash niyatida, deya qo‘shimcha qildi u. 

HAMASning yuqori lavozimli rasmiysi Muso Abu Marsuk uning guruhi bayonotni imzolaganini tasdiqladi. «Biz milliy birlikka sodiqmiz va buni talab qilamiz», - deya uning so‘zlarini keltiradi AFP. 

Xitoy so‘nggi yillarda Yaqin Sharqda iqtisodiy va diplomatik aloqalarni mustahkamlamoqda. Mintaqa Pekin uchun o‘zining yirik infratuzilma loyihasi – «Yangi Ipak yo‘li»ni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Falastin-Isroil mojarosida Xitoy bir necha bor falastinliklar bilan birdamligini namoyish etib, mustaqil Falastin davlatini yaratish tarafdori ekanini bildirdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 39 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: