Vengriya va Slovakiya Rossiya nefti bo‘yicha YeI bilan maslahatlashuv o‘tkazmoqchi

Jahon 10:18 / 23.07.2024 2683

Vengriya va Slovakiya Yevrokomissiyaga murojaat qilib, Kiyev Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasiga qarshi sanksiyalarni kuchaytirgandan so‘ng, Rossiya Federatsiyasidan neft tranziti masalasida Ukraina bilan maslahatlashuvlarda vositachilik qilishni so‘radi. Bu haqda 22 iyul, dushanba kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto ma’lum qildi. U Budapesht Ukrainani sudga berishi mumkinligini ta’kidladi va uning qarori «Vengriya va Slovakiyaga energiya ta’minoti xavfsizligiga tubdan tahdid solayotganini» qo‘shimcha qildi. 

Vengriya va Slovakiya «Lukoyl»dan Ukraina orqali neft olmayapti

«Drujba» neft quvurining Slovakiya uchastkasi operatori Transpetrol, shuningdek, Slovakiya Iqtisodiyot vazirligi 18 iyul kuni «Lukoyl» nefti Kiyev tomonidan mahsulot tranzitiga qo‘ygan taqiq tufayli mamlakatga kelishi to‘xtaganini ma’lum qildi. 

«Hozirda biz «Lukoyl» Slovakiya neftni qayta ishlash zavodiga Rossiya neftini yetkazib berishni bekor qilganini qayd etmoqdamiz, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, u Ukrainaning kengaytirilgan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan», — deya Transpetrol bayonotidan iqtibos keltirgan Bloomberg agentligi. Shu bilan birga, Transpetrol aniqlik kiritishicha, Rossiyaning boshqa eksportchilaridan neft Ukraina orqali Slovakiyaga borishda davom etmoqda. Reuters agentligi Ukraina energetika sohasidagi manbasiga tayanib, Ukraina orqali Yevropa mamlakatlariga neft tranziti «reja bo‘yicha ketayotganini» yozdi.

17 iyul kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto «Lukoyl» kompaniyasiga nisbatan Ukraina sanksiyalari kuchaytirilgani munosabati bilan Rossiya Federatsiyasidan neft Vengriyaga «Drujba» quvuri orqali yetkazib berilmayotganini aytdi. Siyyarto so‘zlariga ko‘ra, «Lukoyl» va Vengriyaning MOL energetika kompaniyasi hozir quvur orqali neft ta’minotini tiklash uchun «qo‘shma huquqiy yechim ustida ishlamoqda».

Iyun oyida Kiyev «Lukoyl»ga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi, xususan, Rossiya kompaniyasi mahsulotlarining Ukraina orqali tranzitiga taqiq qo‘yildi. «Lukoyl» Vengriya va Slovakiyaga asosiy xomashyo yetkazib beruvchi hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: