Rossiyada «chet el agentlari» yozuvlari reposti uchun jarima qo‘llanishi mumkin

Jahon 11:40 / 23.07.2024 1149

Rossiya Adliya vazirligi jismoniy shaxslarga tegishli belgilarsiz «chet el agentlari» deb e’lon qilingan nashrlar materiallarini qayta joylashtirish uchun ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirishlar yuborishni boshladi. Xuddi shunday xabarnomalar allaqachon peterburglik advokat Viktor Drozdov va volgogradlik yurist Roman Melnichenko, shuningdek, jurnalist Kirill Krivosheyev tomonidan olingan.

22 iyul, dushanba kuni Melnichenko o‘zining Telegram-kanalida Adliya vazirligining 10 iyuldagi ogohlantirishini e’lon qildi. Unda departament Rossiya Federatsiyasida «chet el agenti» deb tan olingan, «chet el agentlari» reyestriga kiritilgan SotaVision nashrining maqomini ko‘rsatmasdan qilingan repost haqida ma’lumot bergan. Materialda 2024 yil martida muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limidan so‘ng siyosiy qatag‘on qurbonlari yodgorligi poyiga gul qo‘ygan advokat va Volgogradning boshqa aholisi ta’qib qilingani haqida so‘z boradi. 

Roman Melnichenkoga 2024 yil 27 sentabrga qadar «yuqorida ko‘rsatilgan qoidabuzarlikni bartaraf etish» va bu haqda Adliya vazirligiga xabar berish majburiyati yuklandi. Aks holda, jarima qo‘llanadi. Departament qoidabuzarlikni qanday bartaraf etish taklif qilinayotganiga aniqlik kiritmagan. Repost qilishda «chet el agenti» belgisini qo‘shish mumkin emas, shuning uchun faqat o‘chirish kerak.

Yana kimlar ogohlantirish oldi?

Shu kuniyoq xuddi shunday xat Kirill Krivosheyevga ham yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Departamentning da’volari jurnalist o‘zining Telegram-kanalida Ozarboyjon hukumati Tog‘li Qorabog‘ga uni 30 yil avval tark etgan odamlarni qanday qilib qaytarishga urinayotgani haqidagi «Xolod» nashridagi maqolani qayta joylagani bilan bog‘liq. Bundan tashqari, ushbu material muallifi Krivosheyevning o‘zi. Dushanba kuni «Xolod»  nashriga bergan izohida Krivosheyev nashrni tahrir qilishini aytdi va «chet el agent» maqomi haqida ma’lumotni qo‘shib qo‘yishini bildirdi. 

Bir necha kun oldin Viktor Drozdov Adliya vazirligining xuddi shunday ogohlantirishi haqida ma’lum qildi. 2023 yil dekabr oyida advokat o‘zining Telegram-kanalida The Moscow Times gazetasining Rossiya Markaziy banki vakolatlarini kengaytirish haqidagi materialni ushbu nashr «chet el agenti» sifatida tan olinganini ko‘rsatmasdan qayta joylashtirgan.

Yurist Mixail Benyash yozishicha, Drozdov, Melnichenko va Krivosheyevga yo‘llangan maktublar Adliya vazirligining «chet el agentlari» deb e’lon qilingan nashrlardan repostlar bo‘yicha birinchi ogohlantirishidir. «Adliya vazirligi bunday maktublarni yuborishni boshlashi bir yil oldin muhokama qilingan va endi birinchi ishlar boshlandi», dedi advokat. 

Ko‘proq yangiliklar: