Rossiya Oliy sudi hibsda vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyga nisbatan «ekstremistik hamjamiyat» ishi bo‘yicha hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda 22 iyul, dushanba kuni sud matbuot xizmatiga tayanib, «Interfaks» agentligi xabar berdi.
Navalniyga hukmi ustidan kassatsiya shikoyati ko‘rib chiqilgan yig‘ilish 2 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Xuddi shu yig‘ilishda ish bo‘yicha ikkinchi ayblanuvchi, «Navalnyy Live» YouTube-kanali sobiq texnik direktori Daniel Xolodniyning hukm ustidan bergan shikoyati rad etildi.
«Ekstremistik hamjamiyat» bo‘yicha ish
Navalniy va uning sheriklariga qarshi «ekstremistik hamjamiyat» ishi 2021 yil sentabrida ochilgan. 2023 yil avgust oyida Moskva shahar sudi Vladimir viloyatining Melexovo posyolkasidagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasida o‘tkazilgan sud majlisida muxolifatchi siyosatchini yana 19 yilga maxsus rejimli koloniyaga hukm qildi. Sud Xolodniyga sakkiz yil berdi. Moskvadagi birinchi apellyatsiya sudi bu hukmni 2023 yil sentabr oyida tasdiqlagan.
Oxirgi hukm bo‘yicha jazoni o‘tash uchun Navalniy Yamal-Nenets avtonom okrugidagi Xarp posyolkasidagi 3-koloniyaga o‘tkazildi. Yamal-Nenets avtonom okrugi bo‘yicha jazoni ijro etish xizmati 16 fevral kuni tushdan keyin Aleksey Navalniy Xarpdagi koloniyada vafot etgani haqida xabar berdi. Uning o‘limi haqidagi xulosada aytilishicha, siyosatchi tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgan.