2014 yilda Qrimning RF tarkibiga qo‘shilishi ortidan 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi muqarrar ravishda NATOni urushga tayyorligini qayta ko‘rib chiqishga va mudofaasini kuchaytirishga majbur qildi. 21 iyul, yakshanba kuni NATO matbuot kotibi Farah Dahlalla CNN telekanaliga bergan intervyusida: «2014 yildan beri NATO jamoaviy mudofaa tizimimizdagi eng muhim o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Biz Sovuq urush davridan beri eng keng qamrovli mudofaa rejalarini ishlab chiqdik, hozirda 500 mingdan ortiq harbiy xizmat jangovar shay holatda», dedi.
Uning fikricha, asosiy masala ittifoqchilarning Ukrainadagi kabi uzoq davom etadigan urushga tayyorligidir. Gap sanoat salohiyati, mudofaa xarajatlari va aholi munosabati haqida bormoqda. Ikkinchisi armiyaga chaqiruv masalasini o‘z ichiga oladi. Qo‘shinlarni yollash va o‘qitish bo‘yicha qarorlar alohida davlatlarga tegishli, dedi Dahlalla. «NATO a’zolarining qariyb uchdan bir qismi majburiy harbiy xizmatga ega. Ayrim ittifoqchilar harbiy xizmatni joriy etish haqida o‘ylashmoqda. Biroq, biz alyans sifatida majburiy harbiy xizmatni belgilab qo‘ymaganmiz», - dedi u. NATO vakilining so‘zlariga ko‘ra, asosiysi ittifoqchilar o‘z hududi va xalqini himoya qilish uchun jangovar tayyor qurolli kuchlarga ega bo‘lishda davom etishi kerak.
«Biz urushga safarbar etish, harbiy texnika ishlab chiqarish, xodimlarni yollash va o‘qitish usullarini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini anglab yetyapmiz», - deydi institutning Yevrosiyo tadqiqotlari direktori, iste’fodagi AQSh armiyasi polkovnigi Robert Hamilton CNN’ga. «Biz 2024 yilda millionlab odamlarni potensial urushning go‘sht maydalagichiga tashlash uchun qanday safarbar qilish kerakligi haqidagi savollar bilan kurashayotganimiz fojiali haqiqat, ammo Rossiya bizni aynan shu joyga olib keldi», deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiya o‘zining «sovet imperiyasini tiklash» maqsadiga erishish yo‘lida Ukrainada «nihoyat ochiq mojaroga» murojaat qilganidan keyin Yevropada kengroq urush xavfi ortdi, dedi Yevropada NATO oliy qo‘mondoni lavozimida ishlagan iste’fodagi general Uesli Klark. Kosovo urushi paytida NATO kuchlariga rahbarlik qilgan Klark shunday dedi: «Hozir Yevropada urush davom etmoqda, biz bu haqda hech o‘ylamagan edik. Bu yangi sovuq urushmi yoki paydo bo‘layotgan issiq urushmi, noma’lum, ammo «bu NATOning mudofaani qayta tiklashi kerakligi haqidagi juda shoshilinch ogohlantirishidir».