Maxfiy xizmat rahbari Trampga suiqasdni operativ muvaffaqiyatsizlik deb atadi

Jahon 11:02 / 23.07.2024 3044

AQSh Maxfiy xizmati rahbari Kimberli Chitl AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampga suiqasd uyushtirilgani bo‘yicha guvohlik berdi. 22 iyul, dushanba kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasida ushbu masala yuzasidan eshituvlar bo‘lib o‘tdi.

OAV xabarlariga ko‘ra, Chitl sobiq prezidentga qilingan hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi va buni Maxfiy xizmatning o‘nlab yillardagi «eng jiddiy operativ muvaffaqiyatsizligi» deb atadi. Shunga qaramay, Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasi bir qancha respublikachi va demokrat a’zolari uning iste’fosini talab qilishdi.

«Menimcha, direktor mamlakatimiz uchun juda muhim va nozik bir paytda Kongress ishonchini yo‘qotdi», - deydi Merilend shtatidan demokrat Jyeymi Raskin. U, nazorat qo‘mitasi rahbari, respublikachi Jyeyms Komer singari, Chitlni o‘z ixtiyori bilan lavozimini tark etishga chaqirdi.

Amerika ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, Kimberli Chitl Federal tergov byurosi (FTB) tomonidan suiqasdga urinish bo‘yicha tergovga tayanib, kongressmenlar noroziligiga sabab bo‘lgan voqea ko‘plab tafsilotlarini muhokama qilishdan bosh tortgan. Biroq, u o‘zini «hozirgi vaqtda Maxfiy xizmatni boshqara oladigan eng yaxshi odam» deb atadi va bunday holat takrorlanmasligiga va’da berdi.

24 iyul, chorshanba kuni FTB direktori Kristofer Rey ham Vakillar palatasi sud qo‘mitasi oldida chiqadi. Reuters agentligining yozishicha, Vakillar palatasi spikeri respublikachi Mayk Jonson Donald Trampga suiqasd bo‘yicha tergovga qo‘shiladigan ikki partiyadan iborat ishchi guruh tuzmoqchi.

WP: Maxfiy xizmat Tramp xavfsizligini kuchaytirishdan bosh tortgan 

AQSh Maxfiy xizmati sobiq prezident Donald Tramp xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha mablag‘ bo‘yicha so‘rovlarni uzoq vaqt rad etib kelgan. Bu haqda The Washington Post (WP) to‘rt manbaga tayanib xabar berdi. Maxfiy xizmat vakili Entoni Gulelmi xizmat Tramp xavfsizligini mustahkamlash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishdan bosh tortganini tan oldi. Shu bilan birga, matbuot kotibi ta’kidlashicha, rad etilgan so‘rovlar sobiq prezident hayotiga suiqasd qilingan miting bilan bevosita bog‘liq emas.

Tramp shtabi Gulelmi bayonotiga izoh berishdan bosh tortdi, lekin yana bir bor sobiq prezidentning xabarini eslatib o‘tdi, u Maxfiy xizmat va boshqa huquq-tartibot idoralariga qilgan ishlari uchun minnatdorchilik bildirgandi. Bugungi kunda Maxfiy xizmat 20 dan ortiq kishining xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lib, ular aksariyati doimiy himoyaga muhtoj. WP manbasiga ko‘ra, agentlikning resurslari cheklangan. 2010 yildan boshlab kadrlar taqchilligi kuzatildi va ishga qabul qilishda cheklovlar joriy etildi. 
 
Donald Trampga suiqasd 

13 iyul kuni 20 yoshli Tomas Metyu Kruks AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning Pensilvaniya shtati Batler shahrida saylovoldi tashviqoti mitingidagi chiqishi vaqtida unga qarata o‘q uzdi. O‘q siyosatchi qulog‘ining tepa qismiga tegdi. 

Otishma natijasida 50 yoshli erkak halok bo‘ldi, yana ikki qatnashchi yaralandi. Ularning ahvoli barqaror, deb xabar berdi shtat politsiyasi. Hujum qilgan shaxs xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: