Kamala Harrisni AQSh Demokratik partiyasi delegatlarining aksariyati qo‘llab-quvvatladi

Jahon 13:36 / 23.07.2024 3654

AQSh prezidenti Jo Bayden poygadan chiqqanidan so‘ng, vitse-prezident Kamala Harris bo‘lajak saylovlarda nomzod bo‘lish uchun Demokratik partiya delegatlarining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini e’lon qildi. «Bugun kechasi partiya nomzodi uchun zarur bo‘lgan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlashga erishganimdan faxrlanaman», dedi u 22 iyul, dushanba kuni.

Harrisning aytishicha, u «tez orada nomzodlikni qabul qilishni intiqlik bilan kutmoqda».

Harrisni kamida 1976 delegat qo‘llab-quvvatladi

2500 dan ortiq delegatlar Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlashga qaror qilishdi, deyiladi AP tomonidan Demokratik partiya qurultoyi delegatlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalarida. Bu ko‘rsatkich talab qilinadigan ko‘pchilikdan ancha yuqori – deyarli 4000 kishidan 1976 nafardan kam bo‘lmasligi kerak. Bundan tashqari, CNN va boshqa Amerika ommaviy axborot vositalari Demokratik partiya delegatlari Harrisni zarur darajada qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar berishdi.

Boshqalar qatorida vitse-prezidentni partiyaning bir qator yetakchi a’zolari, jumladan, Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi ham qo‘llab-quvvatladi. Biroq Kongressning har ikki palatasidagi demokratlar yetakchilari hozircha bu borada bayonot bermagan. 

Bundan tashqari, Harris Bayden kurashni davom ettirishdan bosh tortganini e’lon qilganidan keyin 24 soat ichida rekord miqdorda – 81 million dollar mablag‘ yig‘di. Kamala Harrisning nomzodini rasman ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan demokratlar qurultoyi 19-22 avgust kunlari Chikagoda bo‘lib o‘tadi. 

Jo Baydenning saylovdan voz kechishi

Jo Bayden 21 iyul kuni AQSh prezidentligi saylovidan o‘z nomzodini qaytarib olishini e’lon qilgan edi. Amaldagi davlat rahbari bu qarorni Demokratik partiya va butun mamlakat manfaatlarini ko‘zlab qabul qilganini alohida ta’kidladi. Bayden tez orada xalqqa murojaat qilib, tafsilotlarni aytib berishini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, amaldagi muddatining qolgan qismida asosiy e’tiborini prezidentlik vazifalarini bajarishga qaratadi.

Bayden o‘z o‘rniga Kamala Harrisni taklif qilib, uni «to‘liq qo‘llab-quvvatlashini» bildirdi. «Demokratlar - birlashish va Trampni yengish vaqti keldi. Keling, buni qilaylik!» - deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Keyinchalik amaldagi vitse-prezident Kamala Harris AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Amerika OAV uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi: «Prezidentning tasdig‘ini olish men uchun katta sharaf va men bu nomzodlikni qo‘lga kiritish va g‘alaba qozonish niyatidaman». Harris respublikachi Donald Trampni mag‘lub etish uchun «Demokratik partiya va xalqni birlashtirish» maqsadida «hamma narsani qilishini» qo‘shimcha qildi.

Ko‘proq yangiliklar: