Isroil 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS guruhi tomonidan uyushtirilgan hujumda o‘g‘irlab ketilgan yana ikki nafar garovga olingan shaxs halok bo‘lgani haqida xabar berdi. 76 yoshli Aleks Dansig va 35 yoshli Yagav Buxshtabning qarindoshlari ularning o‘limi haqida xabardor etildi, deb xabar berdi Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) 22 iyul, dushanba kuni.
Isroil armiyasining bildirishicha, ikkala shaxs ham o‘tgan yilning 7 oktyabr kuni «G‘azo sektoriga o‘g‘irlab ketilgan», ularning jasadlari HAMAS guruhi qo‘lida qolmoqda. Ularni o‘lgan deb e’lon qilish qarori razvedka xizmatlari ma’lumotlariga asoslangan va ekspertlar forumi tomonidan tasdiqlangan, deyiladi bayonotda. Isroil rasmiylari o‘lim bilan bog‘liq holatlar tafsilotini o‘rganmoqda.
Qarindoshlar qolgan garovga olinganlarni qaytarishni talab qilmoqda
O‘z navbatida, garovga olingan oilalar forumi ushbu yangilik asirga olinganlarning vatanga qaytishi uchun «shoshilinch zarurat haqida aniq eslatma» ekanligini ta’kidladi. «Yagav va Aleks tirik holda qo‘lga olindi, ular o‘z oilalari va yurtiga tirik qaytishi kerak edi», — deyiladi xabarda.
Bu ma’lumotlarga ko‘ra, Yagav Buxshtab rafiqasi bilan birga Nirim kibutsasidan o‘g‘irlab ketilgan, ayol 50 kunlik asirlikdan keyin ozod qilingan. Polshada tug‘ilgan Aleks Dansig Xolokostdan omon qolganlarning o‘g‘li va «Yad Vashem» yodgorlik majmuasida ishlagan tarixchi edi.
Garovga olingan oilalar forumi HAMASda qolgan garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz muzokaralarni tanqid qilib, yana ikki kishining o‘limini «muzokaralardagi ikkilanish oqibatlari ayanchli namunasi» deb atadi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 39 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.