Fransiya qator rossiyalik jurnalistlarni Olimpiadaga kiritmaydi

Jahon 14:49 / 23.07.2024 2794

Fransiya hukumati josuslikdan xavotirlanib, bir necha o‘nlab xorijliklarga Parijdagi yozgi Olimpiada o‘yinlariga kirishni rad etdi. Taqiq Rossiya, Belarus va boshqa bir qator mamlakatlardan kelgan yuzga yaqin kishiga taalluqli, dedi mamlakat ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen Le Journal du Dimanche nashriga bergan intervyusida.

Uning aniqlik kiritishicha, gap 2024 yilgi Olimpiadaga jurnalist, fizioterapevt yoki texnik xodimlar niqobi ostida kelishni istagan xorijliklar haqida ketmoqda. «Ehtimol, ular bu yerga hujumlar uyushtirish uchun kelmaydi. Lekin, razvedka va an’anaviy josuslikdan tashqari, kiberhujumlarni amalga oshirish uchun kompyuter tarmoqlariga kirish nuqtalaridan boxabar bo‘lib turish kerak», - dedi Darmanen. Shu bilan birga, Xalqaro olimpiya qo‘mitasida ishlaydigan rossiyaliklarga o‘yinlarda qatnashish uchun ruxsat berildi. 

«Biz o‘yinlarni yoritishni xohlayotganini da’vo qilgan ko‘p sonli «jurnalistlar»ga rad javobi berdik, boshqa tomondan, ehtiyotkorlik tamoyilidan kelib chiqqan holda Xalqaro olimpiya qo‘mitasida ishlayotgan rossiyaliklarga ruxsat berdik», dedi vazir. 

Umuman olganda, Jyerald Darmanen so‘zlariga ko‘ra, razvedka xizmatlari tomonidan tekshirilgan 960 ming shaxsdan 4340 kishiga, jumladan ko‘ngillilar, stadion ishchilari va sport delegatsiyalari a’zolari 2024 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan. Gap terrorchilik, o‘ng va so‘l radikal faoliyat, shuningdek, ilgari jinoyat sodir etganlikda gumon qilinganlar haqida bormoqda. 

26 iyul kuni Parijda boshlanadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida 15 nafar rossiyalik va 16 nafar belaruslik sportchi ishtirok etadi, ular neytral maqomda qatnashadi. 

Ko‘proq yangiliklar: