Badavlat mamlakatlarda migrantlar istalmagan toifaga aylanmoqda - Economist

Iqtisodiyot 17:41 / 23.07.2024 10377

Badavlat mamlakatlarda muhojirlar tobora istalmagan toifaga aylanib bormoqda, deb yozadi The Economist. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch yilda rivojlangan mamlakatlarga 15 million kishi ko‘chib borgan — bu zamonaviy tarixdagi eng katta o‘sishdir. O‘tgan yilda AQShga 3 milliondan ortiq, Kanadaga — 1,3 million, Buyuk Britaniyaga — 700 ming atrofidagi kishi migratsiya qilgan. Migrantlar turli mamlakatlardan kelmoqda, jumladan urushdan qochgan yuz minglab ukrainlar, shuningdek Hindiston va Afrikaning Sahroyi kabirdan janubdagi qismidan millionlab kishilar.

Kelayotgan migrantlar sonini qisqartirish uchun mazkur mamlakatlar hukumatlari migratsiya siyosatini qat’iylashtirmoqda. Avstraliya, Buyuk Britaniya va Kanada «diplomlar fabrikalari»ni (o‘zini oliy ta’lim muassasasi deb e’lon qiladigan va to‘lov evaziga ta’lim olganlik to‘g‘risidagi soxta diplomlar beruvchi tashkilotlar — tahr.) yopmoqda, bunday tashkilotlar haqiqiy niyati mamlakatda ishlash uchun qolish bo‘lgan odamlarni qabul qiladi.

Bu yil Kanada o‘qish uchun ruxsatnomalar miqdorini uch barobarga qisqartirishni ham rejalashtirgan. Boshqa mamlakatlar esa migrantlarga o‘zi bilan oila a’zolarini olib kelish imkoniyatini qiyinlashtirmoqda, deya qayd etadi The Economist.

Iyun oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Meksika bilan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan migrantlarga boshpana berishni vaqtincha taqiqlagandi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron boshpana berish rad etilganlarni deportatsiya qilish jarayonini tezlashtirmoqchi. Shu kabi choralar Germaniyada ham qabul qilinmoqda.

Bundan tashqari, oldinda «yanada qattiqroq cheklovlar ham bo‘lishi mumkin», deya yozadi nashr. AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp saylanadigan taqdirda 7,5 millionga yaqin noqonuniy muhojirni deport qilishini aytgan.

Hozirning o‘zidayoq migratsiya bumi «nihoyasiga yetishi mumkinligi» belgilari ko‘zga tashlanmoqda, deyilgan materialda. Kanadaga migratsiya oldingi pik davr bilan solishtirganda qariyb ikki barobarga qisqargan, Yangi Zelandiyada ham keskin pastlash kuzatilgan. Badavlat mamlakatlarda ish o‘rinlari oldingiga qaraganda kam bo‘lmoqda, bu esa ehtimoliy migrantlar kelishi uchun stimulni yo‘qotmoqda, Ukrainadan qochqinlar oqimi ham sustlashgan.

Shuningdek, yangi aksilmigratsiya choralari ham muhim rol o‘ynamoqda, deb hisoblaydi The Economist. So‘nggi ikki yilda Yevroittifoqda deportatsiya haqidagi qarorlardan keyin o‘z vataniga qaytarilgan uchinchi mamlakat fuqarolari soni 50 foizga oshgan. 2024 yilning birinchi choragida Britaniyadan «majburan qaytarilganlar» ham o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 50 foizga ortgan. Yaqinda AQSh janubiy chegaralarini noqonuniy kesib o‘tayotganlar soni so‘nggi uch yildagi eng past darajaga tushgandi.

«Migratsiyaga qarshi ayrim choralar, ayniqsa yoppasiga deportatsiya qilish holatlari iqtisodiyotga ulkan zarar yetkazishi mumkin», — deya qayd etadi The Economist. Migratsiyani cheklash ishchi kuchi taqchilligini yuzaga keltirishi mumkin, boy mamlakatlar iqtisodiyoti 2021 va 2022 yillarda ham shunday muammodan aziyat chekkandi. Bu esa, o‘z navbatida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi ko‘rsatkichlarini kamaytiradi, deb ogohlantiradi nashr. Uzoq muddatli istiqbolda migratsiya ishchi kuchlar ixtisoslashuvini oshirishga ham imkon beradi.

The Economist uchinchi dunyo mamlakatlaridan keladiganlar ko‘p hollarda jozibali bo‘lmagan va kam haq to‘lanuvchi, shu bilan birga hayotiy muhim bo‘lgan sohalar, xususan qurilish va sog‘liqni saqlash sohalarida ishlashini qayd etadi. 2019 yildan 2023 yilga qadar AQSh qurilish sohasidagi xorijliklar soni keskin ko‘tarilgan. Norvegiyada sog‘liqni saqlash sohasidagi xorijlik ishchilar miqdori kovid pandemiyasi davridan buyon 20 foizga oshgan. Irlandiyada ishlovchi, ammo boshqa mamlakatlarda o‘qigan shifokorlar soni 28 foizga o‘sgan. Xuddi shu davrda Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmatida ishlovchi xitoyliklar soni ikki barobar, keniyaliklar soni esa uch barobar ko‘paygan.

«Aholisi qariyotgan badavlat mamlakatlarga vaqt o‘tishi bilan ko‘proq yosh va ishlashga tayyor xodimlar kerak bo‘ladi. Chunki pensiya yoshini keskin ko‘tarish yoki sog‘liqni saqlash tizimini qanday qilib yanada samarali qilish haqida gapiradigan siyosatchilar topilmaydi. Mamlakatga yangi migrantlar kelishini cheklash siyosatchilarga ma’lum vaqt davomida qo‘llovni oshirishga imkon bersa-da, iqtisodiy mantiq bunday pozitsiya oqibatlari dahshatli bo‘lishini ko‘rsatadi», — deyilgan materialda.

Ko‘proq yangiliklar: