“O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
2024 yil 1 dekabrgacha xorijiy mamlakatlar kesimida xalqaro turizm ko‘rgazmalarida namoyish qilish uchun madaniy, gastronomik va hunarmandchilik kontenti ishlab chiqiladi.
2024 yil 1 dekabrgacha barcha avia, temiryo‘l va avtobus qatnovlari haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi.
Transport vazirligi:
- avia, temiryo‘l va avtobus chiptalarini tabaqalashtirilgan narxlarda kamida 6 oy oldin savdoga chiqarish tizimini joriy qiladi;
- Navro‘z umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni, Yangi yil bayrami va Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) hamda Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramlarini nishonlash davrida respublika hududlarini bog‘lovchi qo‘shimcha avia, temiryo‘l va avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yadi;
- amalga oshirilayotgan tadbirlar, jumladan, ochilayotgan yangi reyslar, reyslardagi yuklamalar, shakllantirilayotgan yangi avia va temiryo‘l marshrutlari to‘g‘risida ma’lumotlarni muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boradi.