YeI BMT sudining Falastin hududlari bo‘yicha qarorini qo‘llab-quvvatladi

Jahon 07:24 / 22.07.2024 2411

Yevropa Ittifoqi Haagadagi Xalqaro sudning Isroilning G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi turar joy siyosati xalqaro qonunlarga zid ekanligi haqidagi qarorini olqishladi. Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning aytishicha, sudning Isroil Falastin hududlarida mavjudligi noqonuniy ekani haqidagi xulosasi, umuman olganda, Bryusselning pozitsiyasiga mos keladi.

«Dunyo bo‘ylab xalqaro huquq buzilishi fonida biz BMT sudining barcha qarorlariga, ular qanday masalalar bo‘yicha qabul qilinganidan qat’i nazar, sodiq ekanligimizni ma’naviy jihatdan yana bir bor tasdiqlashga majburmiz. Xalqaro sud fikrini va uning Yevropa Ittifoqi siyosati uchun mumkin bo‘lgan oqibatlarini diqqat bilan tahlil qilishimiz kerak», dedi Borrel.

«Falastin hududlarini noqonuniy bosib olish»

Xalqaro sud 19 iyul kuni Isroilni «Falastin hududlaridagi okkupatsiyasini imkon qadar tezroq to‘xtatishga» chaqirdi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hukmni «noto‘g‘ri qaror» deb atadi. Sud qarori majburiy emas, biroq Isroilning G‘azo sektoridagi Falastinning HAMAS harakati bilan urushi fonida bu Isroilga bosimning kuchayishiga olib kelishi mumkin, deya qayd etadi AFP.

1967 yilda Isroil arablarning ehtimoliy tajovuzidan qo‘rqib, ogohlantiruvchi hujum boshladi hamda G‘azo sektori va G‘arbiy Sohilni egallab oldi. O‘shandan beri Isroil rasmiylari bosib olingan hududlarda yahudiy aholi punktlari qurilishini qo‘llab-quvvatlab keladi. Hozirda bunday aholi punktlarida 400 mingga yaqin isroillik istiqomat qiladi.

2005 yilda Isroil G‘azo sektorini to‘liq ozod qildi. Oradan bir yil o‘tib mintaqada saylovlar bo‘lib o‘tdi va unda Falastinning HAMAS harakati g‘alaba qozondi. 

Ko‘proq yangiliklar: