CrowdStrike global uzilishdan zarar ko‘rgan 8,5 million Windows operatsion tizimi boshqaruvidagi qurilmalarning «muhim qismi qayta ishlayotganini» bildirdi. «Biz mijozlarimiz bilan birgalikda zarar ko‘rgan tizimlarni tiklashni tezlashtirish uchun yangi texnikani sinovdan o‘tkazdik. Hozir ushbu texnikani joriy qilish jarayonidamiz. Har daqiqada muvaffaqiyatga erishmoqdamiz», deyiladi CrowdStrike xabarida.
Antivirus ishlab chiquvchi kompaniya yana bir bor «uzilish uchun» uzr so‘radi va uning maqsadi «barcha tizimlarni imkon qadar tezroq tiklash» ekanligini bildirdi.
Windows ishidagi global nosozlikdan so‘ng vaziyat normallashmoqda
Ko‘pgina mamlakatlarda aviakompaniyalar, shifoxonalar va televideniye ishida uzilishlarga olib kelgan Microsoft Windows tizimidagi yirik nosozlikdan so‘ng vaziyat asta-sekin barqarorlashmoqda. «Ko‘p sohalarda vaziyat normallashmoqda, biroq ko‘plab kompaniyalar hali ham muammolarni bartaraf etishmoqda», deb xabar berdi Germaniyaning Axborot xavfsizligi federal boshqarmasi (BSI). Amerika Qo‘shma Shtatlarida, shuningdek, Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida havo qatnovi qayta tiklandi. Berlin aeroporti yana muammosiz ishlamoqda.
19 iyun kuni ko‘plab mamlakatlarda Windows 10 operatsion tizimidagi global nosozlik tufayli aeroportlar, vokzallar, banklar, supermarketlar, telekanallar va davlat idoralari ishi to‘xtatildi.
CrowdStrike antivirusini yangilashda xatolik tufayli yuzaga kelgan Windows operatsion tizimining keng miqyosli nosozligi ushbu dasturiy ta’minot bilan ishlaydigan 8,5 million qurilmaga ta’sir qildi. Microsoft bu ma’lumotlarni o‘z blogida taqdim etdi. Gap Windows operatsion tizimida ishlaydigan barcha qurilmalarning bir foizdan kamrog‘i haqida ketmoqda, deb ta’kidladi operatsion tizim ishlab chiqaruvchisi.
Umuman olganda, uzilishlar AQSh, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Hindiston, Hongkong, Turkiya, Isroil, JAR, Britaniya va boshqa Yevropa mamlakatlaridagi kompaniyalarga ta’sir ko‘rsatdi. London fond birjasi yangiliklar chop etishni to‘xtatdi. Britaniyaning Sky News telekanali va boshqa bir qancha mamlakatlardagi telekanallar efirga chiqa olmadi. Gadjetlarda ko‘k ekran paydo bo‘ldi: "Kompyuteringizga zarar yetkazmaslik uchun Windows to‘xtatildi", deb xabar beradi Sky News.