“2022 yilda birgina onlayn maktablarning umumiy daromadi 95 mlrd rublga yetgan. 2023 yilning I choragida sohada tushum 46,7 mlrd rublga yetgan, yil yakunlariga ko‘ra onlayn maktablarning aylanmasi 30 foizga o‘sgan va 123 mlrd rublni tashkil qilgan”, — deyiladi qonun loyihasiga tushuntirish xatida.
Hujjatda, shuningdek, yangi kasblarga o‘qitish, salomatlik, tadbirkorlik, psixologiya, ekzoterika, moliyaviy savodxonlik, fitnes va insoniy munosabatlar to‘g‘risidagi kurslar eng ommabop yo‘nalishlar ekani qayd etilgan.
Tashabbus mualliflarining qayd etishicha, litsenziyasiz sifatsiz ta’lim xizmatlari ko‘rsatilishi ehtimoli ortadi, bu esa iste’molchilar zarariga ishlaydi. Shuningdek, vijdonsiz blogerlar soliq to‘lashdan bo‘yin tovlab, axborot-maslahat xizmatlarini ta’lim faoliyati o‘laroq taqdim etishmoqda. Shu yo‘l bilan ular soliq imtiyozlaridan foydalanishmoqda.
Qonun loyihasi mualliflaridan biri Yana Lantratovaning aytishicha, maktab o‘quvchilari orasida yagona davlat imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishda blogerlar va turli onlayn maktablarning mashhurligi muammoni yanada dolzarb ko‘rinishga keltiradi. Lantratova ayni paytda qonunchilikda bloger tushunchasi yo‘qligi, deputatlar sohaviy idoralardan qay biri ushbu sohani tartibga solishi va litsenziya berishi to‘g‘risida bir to‘xtamga kela olmayotganini aytgan.
“Shunday faoliyat turlari borki, blogerlar unda akkreditatsiya olisholmaydi. Shu sababli ayrim nyuanslar bor”, — degan blogerlar milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi Mariya Terentyyeva-Galitskix. Davlat imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishni ham reglamentga solib bo‘lmaydi, degan o‘qitish bo‘yicha ekspertlar assotsiatsiyasi rahbari, “Megakampus” kompaniyasi boshlig‘i Grigoriy Avetov.
“Agar siz tarix bo‘yicha pedagogni yollasangiz va u bola bilan 5-9-sinflar uchun shu fanni takrorlasa, buni davlat imtihoniga tayyorgarlik ko‘rish, deb baholab bo‘ladimi? Ko‘plab repetitorlar o‘zini o‘zi band qiluvchilar sifatida ishlashadi, ular uchun hech qanday litsenziya nazarda tutilmagan”, — deydi Avetov.
Rossiyada onlayn ta’lim berish va kouchingni tartibga solish kerak, chunki ular faol rivojlanib bormoqda va shu bilan birga iste’molchilar huquqini poymol qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar ko‘paymoqda, deydi Jamoatchilik iste’mol tashabbusi rahbari Oleg Pavlov. Uning so‘zlariga ko‘ra, onlayn ta’lim berish sohasida qonunbuzarliklar soni 60 foizga oshgan. Uning aytishicha, aksariyat hollarda iste’molchi kimdan kurs sotib olayotganini bilmaydi: yuridik shaxsdanmi, xususiy tadbirkordanmi yoki alohida shaxsdanmi. Shuningdek, kurslarning sifati va o‘qitish natijalariga ham savollar ko‘p, degan Pavlov.