Reuters: AQSh Patriot uchun raketalarni ishlab chiqarishni oshira olmadi

Jahon 13:32 / 22.07.2024 2910

Amerika Qo‘shma Shtatlari Yaponiyadagi zavodlarda Patriot zenit-raketa komplekslari uchun raketalar ishlab chiqarishni avvalroq rejalashtirilganidek ko‘paytira olmaydi, deb xabar berdi Reuters agentligi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bunga asosiy komponentlarning yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.

Vashington «iloji boricha tezroq» PAC-3 raketalarining global ishlab chiqarilishini yiliga 500 tadan 750 tagacha oshirishni istaydi, dedi jurnalistlarga xabar bergan manba. Hozirda Yaponiyaning Mitsubishi Heavy Industries korporatsiyasi Amerikaning Lockheed Martin shirkati litsenziyasi asosida har yili 30 ga yaqin shunday raketalarni ishlab chiqaradi. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, agar buning uchun yetarli qismlar bo‘lsa, Mitsubishi raketalarning 60 tasini ishlab chiqarishi mumkin.

Reuters ta’kidlashicha, ko‘proq PAC-3'ni yig‘ish uchun ushbu raketalar uchun ko‘proq maqsadli yo‘naltirgichlar kerak bo‘ladi. Ular Amerikaning Boeing kompaniyasi tomonidan 2023 yilda kengaytira boshlangan zavodda ishlab chiqariladi. Maqsad - yo‘naltirgichlar ishlab chiqarish hajmini 30 foizga oshirish. Biroq buni amalga oshirish imkonini beruvchi yangi konveyerlar faqat 2027 yilda ishlay boshlaydi, deya xabar beradi agentlik.

Ukrainaga Patriot uchun raketalar kerak

Patriot zenit-raketa komplekslari havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa uchun mo‘ljallangan. Rossiya Federatsiyasining keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri G‘arb hamkorlari allaqachon Ukrainaga Rossiya havo hujumlaridan himoya qilish uchun bir nechta bunday qurilmalarni yetkazib berishgan. Xususan, Germaniya Ukrainaga uchta Patriot qurilmasini yubordi.

Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Kiyevni havo hujumidan mudofaa tizimlari, jumladan Patriot tizimlarining o‘zi va ular uchun raketalar bilan ta’minlashni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Vashington PAC-3 ishlab chiqarishni ko‘paytirmoqchi, deya qayd etadi Reuters.

Ko‘proq yangiliklar: