O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniyaning AKS Services Group kompaniyasi bosh direktori Vais Kais bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Muloqot davomida AKS Services Group kompaniyasining O‘zbekistonda faoliyat yo‘nalishlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida xorijiy tomon bilan turar joy majmualarini barpo etish, shaharsozlik sohalarida tajriba almashish va hamkorlik qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Britaniyaga eksport qilish, tog‘-kon sanoati, ta’lim hamda mavsumiy mehnat migratsiyaga yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
AKS Services Group kompaniyasi 2009 yilda Britaniyada ta’sis etilgan. U iqtisodiy tahlil, moliyaviy boshqaruv, mahsulotlar eksporti va logistika xizmatlari, jumladan xalqaro savdoni rag‘batlantirish kabi sohalarda faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, xalqaro savdoni rivojlantirishga doir seminar va treninglar ham tashkil etiladi.
Kompaniya O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Britaniyaga eksporti bilan shug‘ullanadi. Uning Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida mintaqaviy ofisi faoliyat yuritmoqda.