Mayorkada minglab kishilar turizmga qarshi namoyishga chiqdi

Jahon 10:02 / 22.07.2024 3047

Ispaniyadagi mashhur Mayorka kurort orolida mahalliy aholi 21 iyul, yakshanba kuni ommaviy turizmga qarshi namoyishga chiqishdi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mitingda 20 mingga yaqin odam qatnashgan. Tashkilotchilarning aytishicha, namoyishchilar soni 50 mingga yaqin.

«Ommaviy turizm o‘z orolida yashash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan mahalliy aholi uchun qiyinchilik tug‘diradi, chunki turistik kvartiralar narxlarni ko‘taradi. Yozda sayyohlar plyajlarni to‘ldiradi va davlat xizmatlarini qiyinlashtiradi», dedi namoyish tashkilotchilaridan biri Reuters agentligiga. 

Ispaniya boshqa mintaqalarida turizmga qarshi mitinglar 

Iyul oyi boshida bir necha ming kishi Kataloniyaning bir qancha shaharlarida ommaviy turizmga qarshi namoyishlarga to‘plangan edi. Mahalliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Barselonadagi mitingda 2800, Jironada esa 400 dan ortiq kishi qatnashgan. 

Aprel oyi oxirida Kanar va Balear orollarida ommaviy turizmga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Kanar orollarida, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarda 20 mingga yaqin odam qatnashgan. Tashkilotchilar 50 mingga yaqin ishtirokchi haqida ma’lum qildi. Balear orollarining eng yirik shahri Palma-de- Mayorkadagi aksiyada 10 mingga yaqin kishi ishtirok etdi. 

Kanar orollaridagi miting tashkilotchilari ommaviy turizm mahalliy aholi va atrof-muhit uchun zararli ekanligiga ishonch bildirmoqda. Namoyishchilar Tenerifeda ikkita yangi mehmonxona qurilishiga qarshi chiqdi, shuningdek, ularni Kanar orollarida turizm industriyasini yanada rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qilishda o‘z so‘zini aytish imkonini berishga chaqirdi. Palma-de-Mayorkadagi namoyishchilar, o‘z navbatida, mahalliy hokimiyatni u yerda besh yildan kam vaqt yashagan odamlarga mulk sotib olishni taqiqlashga chaqirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: