Isroil G‘azo sektoridagi gumanitar zonada harbiy operatsiya o‘tkazishga tayyorlanmoqda - OAV

Jahon 21:53 / 22.07.2024 3012

Isroil qo‘mondonligi Falastin qurolli guruhlariga qarshi harbiy operatsiya oldidan G‘azo sektori janubidagi gumanitar hududning bir qismida yashovchi aholiga vaqtincha evakuatsiya qilinishni buyurdi.

G‘azoning HAMAS nazoratidagi sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil so‘nggi ikki hafta ichida bu hududda bir necha bor havo hujumlarini amalga oshirgan, oqibatda jami 90 nafar falastinlik tinch aholi halok bo‘lgan. Isroilning bildirishicha, zarbalarda HAMAS jangarilari qanoti qismlari nishonga olingan.

BBC xabariga ko‘ra, endi, aftidan, Isroil armiyasi (TsAHAL) hududdagi harbiy operatsiyaning quruqlik bosqichiga o‘tishga tayyor va tinch aholidan xavfli hududni tark etishni so‘ramoqda.

Gumanitar hudud Isroil tomonidan 2023 yil oktyabr oyida belgilangan edi: u yerda janglar bo‘lmagan va gumanitar yordam ko‘rsatilgan. Sektorning shimoliy qismida yashovchi falastinliklarning ushbu zonaga evakuatsiya qilinishi so‘ralgan.

Biroq, hozir, Isroil harbiylariga ko‘ra, HAMAS jangarilari xavfsiz hududning bir qismi bo‘lgan Xon Yunis chekkasida mustahkam o‘rnashib olgan va u yerdan Isroil armiyasiga qarshi raketa va artilleriya hujumlarini uyushtirmoqda.

22 iyul kuni Isroil gumanitar zona al-Mavasiy hududigacha toraytirilgani va aholi bu yo‘nalishda evakuatsiya qilinishi kerakligini e’lon qildi.

Evakuatsiya e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi Isroilning Xon Yunis chekkasida bergan zarbasi oqibatida 14 kishi, jumladan, olti bola va to‘rt ayol halok bo‘lganini aytdi.

Xon Yunis G‘azo sektoridagi ikkinchi yirik shahardir. Isroil harbiy amaliyoti boshlanishida mintaqaning shimoliy hududlaridan minglab aholi janubga, jumladan, Xon Yunisga evakuatsiya qilindi. Joriy yilning may oyida janglar eng janubiy Rafah viloyatiga o‘tishi bilan shahar yana o‘n minglab odamlarni qabul qildi. Endi ularning barchasiga sektorning markaziy qismidagi Dayr al-Balah shahri qirg‘oqlari bo‘ylab harakatlanish buyurilgan.

BMT bu hudud allaqachon gavjum ekanligidan ogohlantirmoqda. Odamlar asosiy shart-sharoitsiz vaqtinchalik chodir lagerlarida yashayapti.

Ko‘proq yangiliklar: