Ispaniyada NATO mamlakatlariga kiberhujumlar uyushtirgan hakerlar hibsga olindi

Jahon 10:28 / 22.07.2024 1828

Ispaniyada terrorchilik maqsadlarida NATO mamlakatlariga kiberhujumlar uyushtirganlikda gumon qilinib, uch haker hibsga olindi. Bu haqda Ispaniya Ichki ishlar vazirligining Fuqarolik gvardiyasi o‘zining rasmiy saytida ma’lum qildi. Gumonlanuvchilarning uylarida tintuvlar o‘tkazildi. Xabar qilinishicha, hibsga olishlar Mayorka orolida, shuningdek, mamlakat janubidagi Uelva va Sevilya shaharlarida amalga oshirilgan.

Ispaniya huquq-tartibot organlarining ta’kidlashicha, hakerlar «urush kontekstida ukrainparast pozitsiyani egallagan» davlat idoralari, muhim infratuzilma va xizmatlarga qarshi hujumlarda (DDoS-hujumlar) ishtirok etgan.

Fuqarolik gvardiyasi hisobotida, shuningdek, hibsga olinganlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin paydo bo‘lgan rossiyaparast NoName057 (16) hakerlar guruhiga aloqador bo‘lishi mumkinligi aytilgan. «Guruh o‘zining manifestida «g‘arbiy rusofoblarning dushmanlik va ochiq aksilrossiya harakatlariga mutanosib ravishda javob berishini» tan oladi», - deydi Ispaniya xavfsizlik xizmati vakillari.

ENISA: YeIda kiberhujumlar soni keskin oshdi

Joriy yilning may oyi oxirida Yevropa kiberxavfsizlik agentligi (ENISA) rahbari Yuxan Lepassaar AP agentligiga bergan intervyusida 2024 yilning birinchi choragida Yevropa Ittifoqi infratuzilmasiga kiberhujumlar soni 2023 yilning oxirgi choragidan ikki baravar ko‘p bo‘lganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi ortida Rossiya bilan aloqador hakerlar turgan bo‘lishi mumkin. Rossiyaning Ukrainaga hujumi 2022 yil 24 fevralda boshlanganidan beri «geosiyosiy sabablarga ko‘ra» amalga oshirilgan kompyuter buzib kirishlari soni doimiy ravishda oshib bormoqda, dedi Lepassaar.

Ko‘proq yangiliklar: