Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Milliy banklararo protsessing markazi” AJ (Humo to‘lov tizimi) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonlari boshlanganini ma’lum qildi.
Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lgan muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida tashkil etiladi.
“Deloitte” xalqaro kompaniyasi ushbu bitim bo‘yicha Davaktiv agentligining xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi.
Savdo jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi, jumladan cotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish, majburiyatga ega bo‘lmagan taklif hamda majburiyatga ega bo‘lgan taklif taqdim etish bosqichlari. Yakuniy bosqichda talabgorlar tomonidan taklif etiladigan qat’iy narx taklifining kamida 1 foizi kafolatli to‘lov sifatida amalga oshirilishi belgilanadi.
Davlat aktivini sotib olgan investordan to‘lov tizimi operatori sifatida “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonun, “To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi nizom va boshqa to‘lov tizimiga tegishli qonunchilik talablariga, xususan jamiyatning tashkiliy-huquqiy shakliga, ustav fondi miqdoriga, tashkiliy, texnik, xavfsizlik hamda faoliyatning uzluksizligiga doir talablarga qat’iy rioya etgan holda faoliyatini olib borishi talab etiladi.
Majburiyatga ega bo‘lmagan taklif bosqichiga o‘tgan talabgorlar bilan, majburiyatga ega bo‘lmagan takliflarni taqdim etishlaridan avval aktivni sotib olish va uning kelgusidagi faoliyati bo‘yicha asosiy shartlar aks ettirilgan kelishuv imzolanishi mumkin.
Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium a’zolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQShning, shuningdek, yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lishi lozim (to‘liq talablar bilan Davaktiv e’lonida batafsil tanishish mumkin).
Talabgorlar qiziqish bildirishi to‘g‘risidagi arizalarini xohishlariga ko‘ra o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlab, 2024 yil 22 avgust soat 18:00 ga (Toshkent vaqti bilan) qadar jmamadjanov@deloitte.uz elektron pochta manziliga yuborishlari lozim.
“Humo” to‘lov tizimi haqida
“Milliy banklararo protsessing markazi” AJ – bank to‘lov kartalariga asoslangan “Humo” to‘lov tizimi O‘zbekistonda va xorijda operatsiyalarni amalga oshirishga mo‘ljallangan bo‘lib, O‘zbekiston to‘lov tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi. Jamiyat to‘lov tizimining operatori faoliyatini amalga oshirishga doir Markaziy bankning tegishli litsenziyasiga ega. Ustav kapitali: 155,4 mlrd so‘m;
Ayni paytda 27 milliondan ortiq “Humo” kartalari chiqarilgan bo‘lib, 210 mingdan ortiq terminal va 6,4 mingdan ortiq bankomatlar o‘rnatilgan.
Avvalroq, “Humo” to‘lov tizimi operatori aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgani xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida O‘zbekistonda yangi xususiylashtirish dasturi e’lon qilingandi. Undan bir qator yirik davlat korxonalari qatorida “Humo” to‘lov tizimini ham xususiylashtirish rejalari o‘rin olgan.