Ozarboyjon Ukraina orqali Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga gaz tranzitini davom ettirish masalasida vositachi bo‘lmoqchi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan anjumanda Rossiya rahbariyati, shuningdek, Ukraina rasmiylari va Yevropa Ittifoqi bilan amaldagi shartnoma muddati tugaganidan keyin yetkazib berishni davom ettirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini bildirdi. Shartnoma uzaytirilishi mumkin, dedi u.
«Iloji bo‘lsa yordam beramiz», - deya qo‘shimcha qildi Ozarboyjon rahbari. Aliyev Yevropa Ittifoqi va Ukraina muzokaralarni osonlashtirish talabi bilan Bokuga murojaat qilganini ta’kidladi.
Rossiya gazini Ukraina orqali tranzit qilish bo‘yicha shartnoma 5 yilga tuzilgan va muddati 31 dekabrda tugaydi. Ukraina rasmiylari avvalroq kelishuvni uzaytirish niyatida emasligini bildirgan edi. Shu bilan birga, Kiyev ma’lum shartlar va YeI kompaniyalari ishtirokida tranzitni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.
YeIning qator davlatlari Ukrainadagi urush fonida Rossiyadan gaz olyapti
Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga gaz importi asosan to‘xtatildi. Biroq, Markaziy Yevropadagi ba’zi Yevropa Ittifoqi davlatlari hali ham Ukraina hududi orqali tranzit o‘tadigan Rossiya xomashyosiga bog‘liq. Xususan, Avstriya sotib oladigan gazning salmoqli qismi aynan shu yo‘nalish bo‘ylab keladi.
Bunday davlatlar Ukraina orqali tranzit to‘xtatilsa, «jiddiy muammolarga» duch keladi, chunki ular boshqa yetkazib beruvchilardan gaz sotib olish uchun yana «yuz millionlab» to‘lashi kerak, deydi Aliyev. Boku «ehtiyotkorlik bilan» harakat qilmoqda, chunki o‘tmishda Rossiya gazini reeksport qilishda noo‘rin ayblangan, deya qo‘shimcha qildi Ozarboyjon prezidenti.
Ayni paytda Rossiya Federatsiyasidan Ukraina orqali Yevropa Ittifoqiga gaz tranzitining yillik hajmi qariyb 15 milliard kub metrni tashkil etadi, deya qayd etadi Reuters. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 150 milliard kub metrga yetdi.