6 sentabr kuni Vengriyaning Debretsen shahridagi «Naderdei» stadionida UYeFA Millatlar ligasi turniri doirasidagi Belgiya va Isroil jamoalari o‘rtasida futbol uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv yopiq eshiklar ortida o‘tkaziladi - ya’ni unga chiptalar sotilmaydi. Bu haqda Belgiya Qirollik futbol assotsiatsiyasi (KBVB) ma’lum qildi.
Dastlab o‘yin Bryusselda, qirol Boduen nomidagi stadionda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Biroq Belgiya poytaxti rasmiylari G‘azo sektorida Isroil va HAMAS o‘rtasida davom etayotgan urush fonida «juda xavfli o‘yinni» o‘tkazishdan bosh tortdi. Shahar meriyasi sport tadbiri tartibsizliklarga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan norozilik namoyishlariga sabab bo‘lishidan xavotir bildirdi.
KBVB uchrashuvni Bryusseldan Belgiyaning boshqa shahriga ko‘chirmoqchi ekanliklarini bildirdi. Biroq, mamlakat bo‘ylab tegishli stadionlarga ega bo‘lgan shaharlar merlari ham xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘yinni o‘tkazishdan bosh tortdilar. UYeFA vositachiligida uchrashuvni Vengriyada tashkillashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
YeCh saralash o‘yini oldidan Bryusseldagi terakt
2023 yil 17 oktyabr oqshomida Belgiya poytaxti shimolida ikki Shvetsiya fuqarosi otib o‘ldirilgan, shundan so‘ng shaharda terrorchilik tahdidining eng yuqori darajasi joriy qilingan edi. Hujumchi ertasi kuni qo‘lga olish paytida otib o‘ldirilgan. Prokurorlar uning Tunisdan ekanligini va IShID terrorchilik guruhidan ilhomlanganini aytdi.
Hujum Belgiya va Shvetsiya jamoalari o‘rtasidagi futbol bo‘yicha 2024 yilgi Yevropa chempionati saralash o‘yini boshlanishi arafasida sodir bo‘lgan. Natijada, otishma sodir bo‘lgan joydan 5 km uzoqlikda joylashgan qirol Boduen nomidagi stadionda o‘yin hujum yuz bergani ma’lum bo‘lganidan keyin, ikkala jamoa va mahalliy politsiya idoralari bilan maslahatlashganidan so‘ng 1:1 hisobida to‘xtatildi.