Endilikda davlat oliy ta’lim muassasalariga kirishda to‘plagan balliga nisbatan ma’lum miqdordagi qo‘shimcha ball beriladigan shakldagi imtiyozga ega abituriyentlar 2024/2025 o‘quv yilida tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘tish balli va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda, to‘plagan balliga mos ravishda davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha kvota bilan talabalikka tavsiya etiladi. Bu prezidentning 2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risidagi farmoyishida belgilangan.
Rivojlanayotgan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashni ta’minlash, oliy ta’lim tashkilotlarida yoshlarning sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, kadrlar tayyorlashni tarmoq, hududiy va maqsadli investitsiya loyihalariga manzilli yo‘naltirish maqsadida:
O‘zbekiston prezidentining 2024 yil 24 maydagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–81-son farmoniga muvofiq:
- davlat buyurtmasi parametrlarini bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etilganligi;
- davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik berilganligi;
- davlat oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlar bo‘yicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etilganligi;
- 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinadi.
2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari:
- bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga – 34 838 nafar etib, 1-ilovaga muvofiq;
- magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 9 365 nafar etib, 2-ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagilarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda – Davlat komissiyasi) taqdim etadi:
a) uch kun muddatda:
davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etish istagini bildirgan hamda talabalar qabulini davlat oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlarda amalga oshiruvchi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatini;
davlat oliy ta’lim muassasalari va davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etuvchi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining takliflariga asosan 2024/2025 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalari, ta’lim shakllari va ta’lim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlari bo‘yicha takliflarni;
b) bir hafta muddatda:
respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan 1200 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan takliflarni;
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda xotin-qizlar uchun ajratilgan 2000 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan takliflarni;
o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, san’at va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘qish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat granti bo‘yicha takliflarni.
Davlat komissiyasi bir hafta muddatda 2024/2025 o‘quv yili uchun:
a) bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qabul bo‘yicha:
oliy ta’lim muassasalari, ta’lim shakllari va ta’lim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlarini;
imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlarini;
tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballarini hisobga olgan holda davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish ballini;
hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari buyurtmalariga muvofiq, umumiy davlat granti asosidagi qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalarini va ushbu kvotalarning tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
har bir bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushini ta’lim sohalari (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari) kesimida;
b) magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul parametrlarini davlat granti va to‘lov-kontraktga ajratgan holda oliy ta’lim muassasalari va tillar kesimida tasdiqlaydi.
Davlat oliy ta’lim muassasalariga kirishda to‘plagan balliga nisbatan ma’lum miqdordagi qo‘shimcha ball beriladigan shakldagi imtiyozga ega abituriyentlar 2024/2025 o‘quv yilida tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘tish balli va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda, to‘plagan balliga mos ravishda davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha kvota bilan talabalikka tavsiya etilishi belgilangan.
«Endilikda qo‘shimcha ball beriladigan imtiyozlar, eng asosiysi Temurbeklar maktabi bitiruvchilari agar o‘tish balli uchun yetarli ball to‘play olsa, unda ular uchun qo‘shimcha kvota ajratiladi. Bunda oldindan qo‘shimcha kvota soni ma’lum qilinmaydi, chunki necha nafar bitiruvchi o‘qishga kira olishi oldindan ma’lum bo‘lmaydi. Mandatdan keyin imtiyozlilarga nechta grant yoki nechta kontrakt ajratilishi aniq bo‘ladi», deya farmoyish yuzasidan izoh qoldirgan huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z telegram-kanalida.