AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatidagi miting vaqtida suiqasdni boshdan kechirganidan bir hafta o‘tib, 20 iyul kuni navbatdagi saylovoldi mitingini o‘tkazdi.
Tramp Michigan shtatining Grand-Rapids shahrida o‘z tarafdorlari qarshisida chiqish qildi. Mitingga u bilan senator Jyey Di Vens ham keldi, Tramp uni o‘z vitse-prezidenti sifatida tanlagan.
«Bu [suiqasd] soati va daqiqalarigacha roppa-rosa bir hafta oldin bo‘lgandi. Men faqat qodir Xudoning inoyati bilangina bu sahnada sizning oldingizda turibman. Men hozir bu yerda bo‘lmasligim kerak edi», — degan Tramp mitingda.
O‘z tarafdorlariga murojaat qilarkan, Tramp «o‘z hayoti uchun immigratsiyadan qarzdorligi»ni aytgan. Avvalroq u suiqasd vaqtida migratsiya to‘g‘risidagi grafikka qarash uchun boshini o‘girgani tufayli o‘qdan qochib qolganini aytgandi.
Chiqishi davomida Donald Tramp yoppasiga deportatsiya ishlarini amalga oshirishga va’da bergani va siyosiy muxoliflarini bartaraf etish bilan tahdid qilgani uchun o‘zini demokratiyaga tahdid deb atagan tanqidchilariga javob qaytargan. «Ular aytishda davom etishmoqda: „U demokratiya uchun tahdid“ deb. O‘tgan haftada men demokratiya uchun o‘q qabul qilib oldim», — degan Tramp gulduros qarsaklar ostida.
Associated Press agentligi qayd etishicha, Trampning chiqishi oldidan Grand-Rapids shahrida qo‘riqlov kuchaytirilgan. Ko‘plab ko‘chalar yopilgan, deyarli har bir kvartalda politsiyachilar turishgan yoki otlar va velosipedlarda navbatchilik qilishgan, shahar uzra dronlar uchib yurgan. Miting o‘tkazilgan arena hududiga kirishda metallodetektor o‘rnatilgan. Shu bilan birga, agentlik baholashicha ichkaridagi xavfsizlik choralari oldingi mitinglardagidan deyarli farq qilmagan.
- Donald Trampga suiqasd 13 iyul kuni Pensilvaniyaning Batler shahrida ro‘y bergandi. Trampga qarata bir necha o‘q uzilgan, ulardan biri siyosatchining o‘ng qulog‘i yuqorisini tilib o‘tgan. Suiqasd chog‘ida miting ishtirokchilaridan biri halok bo‘lgan, yana ikki tomoshabin yaralangan. Trampga o‘q uzgan 20 yoshli Tomas Mettyu Kruks AQSh Maxfiy xizmati mergani tomonidan yo‘q qilingan.
- The Washington Post gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, davlatning birinchi shaxslarini qo‘riqlash bilan shug‘ullanuvchi AQSh Maxfiy xizmati suiqasdgacha ikki yil mobaynida Donald Trampni qo‘riqlashni kuchaytirish bo‘yicha so‘rovlarni rad etib kelgan. AQSh Maxfiy xizmati rahbari Kimberli Chitl avvalroq Trampga suiqasd uyushtirilganida javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qilgandi.