Rossiya armiyasi bilan hamkorlik qiluvchi «Promtex» kompaniyalar guruhi sanksiyalarga qaramay, 2023 yilda AQSh, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlaridan qariyb sakkiz million dollarlik ikki tomonlama maqsadli mahsulotlar import qilgan. Bunday xulosaga Germaniyaning Süddeutsche Zeitung (SZ), NDR va WDR nashrlari, Fransiyaning Le Monde gazetasi va Ukrainaning Trap Aggressor loyihasining 18 iyul kuni chop etilgan qo‘shma surishtiruvi mualliflari kelishdi.
Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, 2015 yilda Fransiyada «Promtex»ning ITGF deb nomlangan shu’ba korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, uning direktori «Promtex» asoschisi Valeriy Shadrinning o‘g‘li Aleksey Shadrin bo‘lgan. Uzoq vaqt davomida u Rossiyaga tovarlar olib kirish bilan shug‘ullangan. Biroq, 2022 yil may oyida «Promtex» rasman ITGF aksiyalaridan voz kechdi va o‘sha yilning dekabr oyida Turkiyada Enütek Makina Sanayi nomli yangi shu’ba korxonasini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Rossiya importi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilgandan so‘ng, surishtiruv mualliflari Enütek Makina Sanayi, shuningdek, «Promtex»ning Rossiyadagi shu’ba korxonalariga, shu jumladan Germaniyadan ham ikki tomonlama maqsadli tovarlarni yetkazib berganligini aniqladilar. Qayd etilishicha, nemis yetkazib beruvchilari tovarlarning yakuniy oluvchisi Rossiya armiyasi bo‘lishi mumkinligini bilmagan bo‘lishi mumkin. Biroq, kamida bitta kompaniya Enütek Makina Sanayi orqali tovarlar Rossiyaga yuborilishi mumkinligini «tushungan», chunki 2022 yil 24 fevralgacha u muntazam ravishda «Promtex»ga turk kompaniyasi 2023 yilda buyurtma bergan xuddi shunday uskunani yetkazib bergan.
Surishtiruv natijalariga ko‘ra, «Promtex» yarim o‘tkazgichlar, tranzistorlar, gazli prujinalar, metall qotishmalari, qo‘lda ishlatiladigan presslar va boshqa ikki maqsadli tovarlarni import qilgan. Ular, shuningdek, X-101 qanotli raketalariga o‘rnatilgan Amerikaning Molex kompaniyasi mikrosxemalarini o‘z ichiga oladi. Ushbu raketalardan biri iyul oyi boshida Kiyevdagi «Oxmatdet» bolalar shifoxonasiga tushgan. Zarba natijasida ikki kishi halok bo‘ldi, yana 50 kishi yaralandi. Valeriy Shadrin hali G‘arb sanksiyalariga uchramagan, deb yozadi mualliflar.
FT: «Oxmatdet»ga urilgan raketada g‘arb detallari bo‘lgan
Financial Times (FT) gazetasi Ukrainadagi o‘z manbalariga tayanib, 10 iyul kuni «Oxmatdet» bolalar shifoxonasiga kelib urilgan X-101 qanotli raketasidan AQSh va Shveytsariyadan fuqaro aviatsiyasi uchun detallar topilgani haqida xabar berdi.
Xususan, unda Shveytsariyaning STMicroelectronics kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ikkita komponent, Intel, Texas Instrumens, Analog Devices va boshqa kompaniyalarning 14 ta Amerika komponentlari mavjud. «Sanksiyalar Rossiyani ba’zi ilg‘or komponentlardan uzib qo‘ygan bo‘lsa-da, Kreml mudofaa sektori harbiy maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallanmagan mikroprotsessorlar va boshqa ilg‘or texnologiyalarga murojaat qildi», deb yozadi FT.