Shols: Rossiya Ukraina bo‘yicha navbatdagi tinchlik sammitiga kelishi kerak

Jahon 07:51 / 20.07.2024 3528

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukraina bo‘yicha navbatdagi tinchlik konferensiyasiga Rossiyani taklif etish tarafdori ekanini aytdi. Bu haqda u 19 iyul, juma kuni Drezdenda (Saksoniya) Germaniya sotsial-demokratik partiyasining saylovoldi tadbirida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi. «Bu masala bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi, yaqinda ko‘plab davlatlar yig‘ilgan Shveytsariyada ham. Men Ukraina prezidenti ham Rossiyaning navbatdagi uchrashuvda ishtirok etishini xohlayotganidan juda xursandman», dedi Shols.

Germaniya hukumati rahbari Berlin Ukrainani Rossiyaga qarshi mudofaa kurashida qo‘llab-quvvatlashi shartligini aytib, bunga ishontirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda «muzokaralarni qo‘llab-quvvatlash orqali tinchlikka intilish» kerak, lekin «Ukrainani taslim qilish orqali emas». Shu bilan birga, Shols Rossiya rahbariyatini yana keskin tanqid qildi va uni Rossiya hududini «bir necha kvadrat metrga» kengaytirish uchun ko‘plab vatandoshlarini qurbon qilishda aybladi. «Imperialist orzu uchun deyarli 400 ming kishi jonini berdi» dedi Shols. U bu muvaffaqiyat bilan yakun topmasligini aytdi. 

Shu bilan birga, Germaniya kanslerining so‘zlariga ko‘ra, NATO pozitsiyasi shundan iboratki, Ukrainadagi urush Rossiya Federatsiyasi va alyans o‘rtasidagi urushga aylanmasligi kerak. Shols Ukrainaga yordam berish bo‘yicha har bir qarorni o‘ylab ko‘rishini va Kiyevning barcha talablarini qondirmasligini aytdi. Xususan, u Ukrainada nemis askarlari bo‘lishini, shuningdek, Rossiya hududi nemis qurollari bilan o‘qqa tutilishini istisno etdi. 

Ukraina yangi tinchlik sammitiga tayyorgarlik ko‘rmoqda 

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning Ukraina bo‘yicha yangi tinchlik sammitida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlagan edi. Uning aytishicha, navbatdagi tinchlik konferensiyasi rejasi noyabrgacha ishlab chiqilishi kerak. Shu maqsadda uchta uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan: Shveytsariyadagi so‘nggi sammitda muhokama qilingan Ukraina «tinchlik formulasi» har bir bandi bo‘yicha. Bloomberg agentligiga ko‘ra, Ukraina «Donald Trampning Oq uyga qaytishi istiqboli» munosabati bilan 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentligiga saylovlar oldidan navbatdagi tinchlik sammitini tashkil qilmoqchi. 

Rossiya, o‘z navbatida, bunday tadbirlarda ishtirok etishni «niyati yo‘qligini» e’lon qildi, chunki Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin aytganidek, ularda Ukraina tinchlik formulasi «ilgari suriladi» va boshqa tashabbuslar «e’tiborsiz qoldiriladi».

Shveytsariyada Ukraina bo‘yicha tinchlik sammiti 

2024 yil iyun oyida Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan tinchlik sammitiga 90 dan ortiq davlat vakillari keldi. U 2023 yilda Daniya, Saudiya Arabistoni va Maltada Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha to‘rtta konferensiya va 2024 yil yanvar oyida Davosda bo‘lib o‘tgan konferensiyaga o‘xshash formatda tashkillashtirildi. Rossiya taklif etilmadi, Xitoy ishtirok etishdan bosh tortdi, bir qancha davlatlar quyi darajada delegatsiyalar yubordi va Kiyevning global janubdagi muhim davlatlarni o‘ziga tortishga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi, chunki ba’zi mamlakatlar yakuniy bayonotni imzolashdan bosh tortdi, deya sammitni sarhisob qildi Bloomberg. 

Shveytsariyadagi tinchlik sammiti arafasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin agar Kiyev Ukrainaning Rossiya tomonidan egallab olingan to‘rtta hududidan qo‘shinlarini olib chiqib, NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortganini, G‘arb esa sanksiyalarni olib tashlaganini e’lon qilsa, Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini ma’lum qildi. Zelenskiy bu bayonotlarni «ishonib bo‘lmaydigan ultimatum» deb atadi, kansler Shols esa RF «imperialistik harakatini hujjatlarga yozib qo‘yishni» taklif qilayotganini aytdi. 

Ko‘proq yangiliklar: