Serbiya va YeI litiy qazib olish va yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi

Jahon 13:04 / 20.07.2024 2280

19 iyul, juma kuni AFP xabariga ko‘ra, Serbiya hukumati va Yevropa Ittifoqi Belgradda bo‘lib o‘tgan «muhim xomashyo sammiti» davomida akkumulyator materiallari yetkazib berishni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Hujjatni imzolashda Germaniya kansleri Olaf Shols ishtirok etdi. U kelishuvni olqishladi va bu Yevropaga o‘z mustaqilligini saqlab qolishda yordam berishini hamda akkumulyatorlar va elektromobillar ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkoniyatlarini taqdim etishini aytdi.

Serbiyada litiy qazib olishni qayta tiklash

Joriy yilning iyul oyi boshida Serbiya konstitutsiyaviy sudi Yevropadagi eng yirik litiy koni joylashgan g‘arbiy Yadar vodiysida 2,4 milliard dollarlik tog‘-kon loyihasini to‘xtatish haqidagi qarorni bekor qildi. 2021 yilda Yadarda konni o‘zlashtirish rejalari Belgradda katta ekologik noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Vuchich Xitoydan YeI tomon burilish haqida e’lon qildi

Avvalroq, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Handelsblatt gazetasiga bergan intervyusida Belgrad Yevropaning eng yirik litiy konini Xitoy bilan emas, Germaniya va Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda o‘zlashtirishini aytgan edi. U ushbu loyiha bilan Serbiya iqtisodiyotini rivojlantirish va mamlakatning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvini tezlashtirishga katta umid bog‘lagan.

Jurnalistning Xitoy ishlab chiqaruvchilari uchun konga kirish imkoniyati haqidagi savoliga javob berar ekan, Vuchich Belgrad «bu mavzuni yevropaliklar bilan muhokama qilayotganini» aytdi. «Biz Yevropaga sodiqmiz», - deya qo‘shimcha qildi u XXR vakillari bilan muzokaralar olib bormayotganini bildirib.

Serbiya bilan kelishuvning YeI iqtisodiyoti uchun foydalari

Litiy yengil metall bo‘lib, u elektr transport vositalarining asosiy elementi - akkumulyatorlarni ishlab chiqarish uchun zarur. «Biz har yili 58 ming tonna litiy qazib olishimiz mumkin bo‘ladi, bu 1,1 million elektromobil ishlab chiqarishga yetadi, shuning uchun Yevropa bozorining taxminan 17 foizini ta’minlay olamiz», dedi Aleksandr Vuchich. Xitoy hozirda Yevropa Ittifoqining litiy yetkazib berish bozorida hukmronlik qilmoqda.

Vuchichning qo‘shimcha qilishicha, u mamlakat ichida qo‘shimcha qiymat yaratish jarayonini saqlab qolmoqchi, shuning uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va litiy faqat bir qismini xomashyo ko‘rinishida eksport qilishni rejalashtirmoqda.

Serbiya prezidenti Handelsblatt nashriga bergan intervyusida, shuningdek, Yevropa avtomobil sanoati vakillari bilan akkumulyator ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ham aytdi. Xususan, u Mercedes-Benz, Volkswagen va Stellantisva konsernlarini tilga oldi. Shartnoma imzolangandan so‘ng, Yevropa komissiyasi raisining institutlararo aloqalar va prognozlar bo‘yicha o‘rinbosari Maros Shefchovich, o‘z navbatida, Serbiya «litiy qazib olishdan elektromobillar ishlab chiqarishgacha to‘liq ta’minot zanjiriga ega bo‘lgan birinchi Yevropa Ittifoqi davlatiga aylanishi mumkinligini» aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: