Rossiyada er-xotin terrorizmga da’vat qilishda aybdor deb topildi

Jahon 13:40 / 20.07.2024 6733

Sankt-Peterburgdagi Birinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi er-xotin Aleksandr Dotsenko va Anastasiya Dyudyayevani Tallin shossesidagi «Lenta» gipermarketidagi tovarlarga ukrain tilida she’rlar va so‘zlar yozilgan otkritkalarni qo‘yib ketgani uchun terrorizmga chaqirishda aybdor deb topdi. Bu haqda 18 iyul kuni «Mediazona» xabar berdi.

Zargar Aleksandr Dotsenko 3 yilga, uning rafiqasi rassom Anastasiya Dyudyayeva 3,5 yilga manzil koloniya jazosiga hukm qildi. Bundan tashqari, ularning «ehtimoliy jinoyat quroli» bo‘lgan printeri musodara qilindi. 

«Matnlarda hokimiyatga qarshi yashirin va qo‘poruvchilik usullarini qo‘llagan ukrainaliklar va Stepan Bandera haqida so‘z borgan, bundan tashqari, Vladimir Putin haqida ham yozuvlar bor edi», - deya aniqlik kiritadi «Fontanka» internet nashri. 

Anastasiya Dyudyayeva va Aleksandr Dotsenko ishi 

Dyudyayeva va Dotsenko 25 yanvar kuni «FSB» va «OMON» ishtirokida Leningrad viloyatining Taytsi posyolkasidagi uyida qo‘lga olingan. Ishning mohiyati bo‘yicha sud jarayoni 10 iyun kuni boshlandi. Prokuratura ayblanuvchini to‘rt yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qilishni talab qildi. 

Manzil koloniyada saqlash umumiy tartibli koloniyalarga qaraganda yengilroq jazo hisoblanadi. «Bunday muassasalarda mahkumlar kameralarga qamalmaydi, ular o‘qish va ishlash uchun borishlari, tashriflar soni bo‘yicha cheklovlarsiz yaqinlari bilan muloqot qilishlari, cheksiz posilkalarni olishlari mumkin», deb tushuntiradi «Fontanka». 

Tergov izolyatorida bo‘lgan har kungi vaqt er-xotinga belgilangan muddatdan chegirib tashlanadi. Biroq Dyudyayeva va Dotsenko jazo muddatini o‘tab, sudlanganliklari olib tashlanmaguncha terrorchilar va ekstremistlarning Rosfinmonitoring reyestrida qoladilar. Shu munosabat bilan, ularning ruxsat etilgan xarajatlari oyiga 10 000 rubl bilan cheklanadi.

Aleksandra Skochichlenko ishi 

2023 yilning noyabrida peterburglik rassom Aleksandra Skochilenko «Perekrestok» supermarketlaridan biridagi narx belgilarini Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqidagi ma’lumot varaqalari bilan almashtirgani uchun yetti yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Qiz armiya haqidagi «feyklar» haqidagi modda bo‘yicha sudlandi.

Ko‘proq yangiliklar: