Migrantlar Rossiyadan chiqarib yuborilganda maxsus muassasalarda ikki kundan ortiq bo‘lmagan muddatga saqlanadi. Bu haqda «Politsiyaning chet el fuqarolarini ma’muriy chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarda belgilab qo‘yildi.
RBK yozganidek, xorijliklar FXX direktori, Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy organlari boshlig‘i, chegara idorasi rahbari va uning o‘rinbosarlari qarori asosida maxsus muassasalarga joylashtirilishi mumkin.
O‘zgartirishlar kiritilayotgan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda migrantlarni sud qarori asosida maxsus muassasalarga joylashtirish imkoniyati haqidagi amaldagi norma saqlanib qoladi. Bunday hollarda ular 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddat davomida saqlanadi.
19 iyul kuni Davlat Dumasi deputatlari tomonidan Rossiyadan chiqarib yuborish tartibi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdan oldin, chet elliklar o‘z vataniga, shu jumladan muddati o‘tgan pasporti bilan borishi mumkinligi haqidagi tuzatishlar kiritildi. Qonun loyihasi bir kun avval, 18 iyul kuni birinchi o‘qishda ma’qullangan edi.
Qonun loyihasining maqsadi, bir tomondan, xorijliklarni qonunga rioya qilishga undash bo‘lsa, ikkinchi tomondan, «ularning o‘z maqomini qonuniylashtirish uchun soxta mexanizmlardan foydalanish imkoniyatini istisno qilishdir», deb ta’kidlagan loyiha mualliflari.