Ozarboyjon prezidenti: Strategik hamkorlik Yevropaga gaz yetkazib berishni ikki baravar oshirishni nazarda tutadi

Jahon 15:33 / 20.07.2024 4774

Bokuda o‘rnatilgan energetika bo‘yicha strategik hamkorlik 2027 yil oxirigacha Yevropaga gaz yetkazib berishni ikki baravar oshirishni ko‘zda tutadi. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Yevropa siyosiy hamjamiyatining 4-sammiti doirasida Oksfordda bo‘lib o‘tgan «Energetika va kommunikatsiyalar» mavzusidagi davra suhbatida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

«Agar 2021 yilda Ozarboyjon gazini Yevropaga yetkazib berish hajmi 8 milliard kub metrni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda bu hajm taxminan 13 milliard kub metrni tashkil etadi. 2021 yilda eksportning umumiy hajmi 18 milliard kub metrni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 25 milliard kub metrni tashkil etadi, buning yarmidan ko‘pi Yevropaga yo‘naltiriladi», — dedi davlat rahbari. 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, sakkiz davlat Ozarboyjon gazini oladi: bular Yevropa Ittifoqiga a’zo besh mamlakat, jumladan Bolgariya, Gretsiya, Italiya, Vengriya va Ruminiya, ikkita nomzod davlat – Gurjiston va Serbiya, shuningdek, Turkiya. 

Aliyev bir kun avval Sloveniya va Ozarboyjon o‘rtasida gaz sohasidagi hamkorlik yo‘lida muhim voqea bo‘lganini eslatdi. 

«Umid qilamanki, bir necha oy ichida biz Sloveniya bozoriga kira olamiz. Endi Yevropa interkonnektorlari loyihalari amalga oshirilgach, Ozarboyjon boshqa Yevropa davlatlariga gaz yetkazib berish uchun ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘ladi», — dedi u. 

Davlat rahbari energetika sohasidagi loyihalarga to‘xtalib, Ozarboyjon ishonchli yetkazib beruvchi ekanini ta’kidladi.

«Deyarli yigirma yil davomida biz qo‘shnilarimiz bilan birgalikda tarixda birinchi marta Kaspiy va O‘rta Yer dengizini bog‘laydigan quvur liniyasini ishga tushirdik va foydalanishga topshirdik», — dedi Aliyev.

«Hozirda Turkiyaning O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi Jayhan portidan turli, jumladan, o‘ta nozik yo‘nalishlarga neft yetkazib beramiz. Ba’zi mamlakatlarda Ozarboyjon nefti iste’moli talabning ellik yoki undan ko‘p foizini tashkil qiladi. Uch yildan oshiq vaqt mobaynida biz muhim gaz yetkazib beruvchiga aylandik», — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari. 

Ko‘proq yangiliklar: