Britaniya Ukraina armiyasi ehtiyojlari uchun 2 mlrd funt ajratadi

Jahon 09:13 / 20.07.2024 1925

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov va Britaniya Mudofaa vazirligi rahbari Jon Xili Ukraina mudofaa qobiliyatini kredit bilan ta’minlash bo‘yicha hukumatlararo kelishuvni imzoladi. Bu haqdagi xabar 19 iyul, juma kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning saytida e’lon qilindi.

Hujjat Ukraina-Britaniya mudofaa loyihalarini moliyalashtirish imkonini beradi. «Gap, xususan, havo hujumidan mudofaa tizimlari, zirhli transport vositalari va o‘q-dorilarni yetkazib berish, ta’mirlash va qisman ishlab chiqarish haqida ketmoqda», deyiladi bayonotda.

Kelishuvga ko‘ra, britaniyalik yetkazib beruvchilar Ukraina bilan 2 milliard funt sterling miqdorida kredit shartnomalari tuzishlari mumkin bo‘ladi. Biroq, press-relizda qayd etilganidek, bu miqdor yakuniy emas va kelajakda oshirilishi mumkin. Kreditni to‘lash muddati 15 yilni tashkil qiladi.

Ukraina prezidenti saytida xabar qilinganidek, bunday kredit yordami tufayli 2026 yilgacha Ukraina mudofaa kuchlari, xususan, havo hujumidan mudofaa tizimlari, radar va yo‘q qilish uskunalari bilan ta’minlanishi, qo‘shimcha ravishda texnologiya olishi mumkin bo‘ladi. G‘arb uslubidagi artilleriya va zirhli transport vositalari uchun butlovchi qismlar ham ishlab chiqariladi.

Zelenskiyning Britaniya hukumati oldida nutqi

Volodimir Zelenskiy 18 iyul kuni Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammitida ishtirok etish uchun Britaniyaga keldi. Shu kuni u qirol Charlz III bilan uchrashdi va bir kundan keyin Britaniya hukumati yig‘ilishida qatnashdi.

Ukraina prezidenti Britaniya vazirlar mahkamasidagi nutqida Londonni Rossiyadagi nishonlarga zarba berish uchun G‘arb qurollaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashga yordam berishga chaqirdi. «Biz chegaradan tashqari, xususan, Rossiya harbiy aerodromlariga ham zarba bera olsak, nafaqat Rossiyaning har qanday hujum harakatlaridan o‘zimizni himoya qilamiz, balki oldingi pozitsiyalarimiz va shaharlarimizni Rossiya bombalaridan ham asrab qolamiz», — dedi u. 

Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya oyiga 3500 ga yaqin boshqariladigan bomba ishlatadi. «Ularning barchasini urib tushirishning iloji yo‘q, ammo havo bombalarini tashuvchilarni yo‘q qilish mumkin», — dedi davlat rahbari. 

U Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Britaniya vazirlar mahkamasi boshqa a’zolarini «yetakchilikni ko‘rsatishga» va «boshqa sheriklarni cheklovlarni olib tashlashga ishontirishga» chaqirdi. «Bizga bu qadam kerak. Bu - Rossiyani tinchlikka erishishga majbur qiladigan qadam», - deya ta’kidladi Ukraina prezidenti. 

Zelenskiy 27 yil ichida Britaniya hukumatiga murojaat qilgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldi. Undan oldin AQSh prezidenti Bill Klinton 1997 yilda Britaniya vazirlar mahkamasi majlisida ishtirok etgan. 

Ko‘proq yangiliklar: