Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Ozarboyjonga nisbatan bildirgan fikrlarini tanqid qildi.
«Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida bildirilgan va Armanistonni harbiylashtirish siyosatini asoslab bergan fikrlari Ozarboyjonga nisbatan yaqqol noxolislikni namoyon etadi va Fransiyaning mintaqada keskinlikni keltirib chiqarishga, tinchlik jarayoniga aralashishga urinishlari yana bir yorqin misolidir», - dedi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oyxon Hojizoda.
«Biz Fransiya tomoniga eslatib o‘tamizki, Armanistonning 30 yillik ishg‘olini tugatish, Ozarboyjon suvereniteti va hududiy yaxlitligini tiklash maqsadida Ozarboyjon suveren hududlarida olib borilgan urush xalqaro huquqqa muvofiq mamlakatimiz qonuniy huquqidir. Ozarboyjonning har qanday, jumladan, harbiy salohiyatni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari adolatli maqsadga erishishga qaratilgan. Biroq, ishg‘olchi davlat bo‘lgan Armaniston haqida shunday deb bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi u.
Hojizoda qayd etishicha, Fransiyaning qariyb 30 yil davomida Ozarboyjon hududlarini bosib olgan, bir millionga yaqin ozarni o‘z ona yurtidan ko‘chirgan, ommaviy qotillik va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan Armanistonni vositachilik davrida va 44 kunlik Vatan urushidan keyin tinch davlat sifatida ko‘rsatishi bu davlat siyosati naqadar adolatsiz ekanligini bildiradi.
«Shuningdek, shuni eslatib o‘tmoqchimizki, aynan Fransiya kabi davlatlarning ixtilofni tinch yo‘l bilan hal etishga hissa qo‘shmagan, Ozarboyjon hududlarini Armaniston tomonidan bosib olinishini to‘xtatishga imkon bermagan siyosati qariyb 30 yil davomida Armaniston tajovuzini yashirdi», - dedi TIV vakili.
Hojizoda aytishicha, Fransiyaning tinchlikka xizmat qilmayotgan va mintaqani beqarorlashuvchi harakatlari hech qanday natija bermaydi.