BMT Xalqaro sudining Isroilga talablari, Windowsʼdagi global uzilish va Rossiyadagi kadrlar taqchilligi - kun dayjesti

Jahon 13:47 / 20.07.2024 5244

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

BMT sudining Isroilga talablari

BMT Xalqaro sudi okkupatsiya qilingan Falastin hududlarida Isroilning xatti-harakatlari huquqi oqibatlari to‘g‘risida maslahatlashuv xulosasini e’lon qildi.

Haagada bo‘lib o‘tgan sud majlisida Isroil G‘azo sektorida okkupatsiya bilan shug‘ullanayotgan davlat, deb tan olindi. Shuningdek, sud Isroilning Falastin hududlarini okkupatsiya qilganini de-fakto anneksiya deb hisoblashini aytgan.

BMT Xalqaro sudi Isroilni Falastin yerlarini okkupatsiya qilishni zudlik bilan bas qilishga chaqirdi. Xalqaro sudda qayd etilishicha, Falastin yerlari bo‘laklangan alohida hududlar emas, yagona hududiy birlik hisoblanadi.

BMT Xalqaro sudi sudyalari Isroilning xatti-harakatlari falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi hal qilish huquqini poymol qilayotganini qayd etdi. Xalqaro sudga ko‘ra, Isroil shuningdek Sharqiy Quddus va O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida ham okkupant hisoblanadi.

Qayd etilishicha, Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan Falastin yerlaridagi tabiiy resurslardan foydalanish xalqaro huquqqa zid.

Xalqaro suddagilarga ko‘ra, Isroilning okkupatsiya qilingan hududlarda manzilgohlar barpo etish siyosati Jyeneva konvensiyasi moddalariga zid.

Isroilning o‘zi okkupatsiya qilgan hududlardagi xatti-harakatlari uning ushbu hududlarda doimiy asosda qolish niyatidan dalolat beradi.

Xalqaro sudda Isroil okkupatsiya qilingan Falastin hududlari ustidan suverenitetga ega emasligiga urg‘u berildi. Suddagilar barcha davlatlar Isroilning okkupatsiya qilingan Falastin hududlarida mavjud bo‘lib turishini tan olmasligi va bu mavjudlikka yordam bermasligi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, BMT Xalqaro sudi Isroildan okkupatsiya qilingan Falastin yerlarida o‘zining «adolatsiz harakatlari» tufayli yetkazilgan barcha zararni qoplab berishni talab qildi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu BMT Xalqaro sudining bu xulosalariga qarshi chiqdi va yahudiy xalqi o‘zining tarixiy yerlarida bosqinchi hisoblanmasligini ta’kidladi.

Falastin tashqi ishlar vaziri Riyoz al-Malikiy esa BMT Xalqaro sudi xulosasi fonida barcha davlatlarni Isroil bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Microsoft ishida global uzilish

19 iyul kuni Windows operatsion tizimida ishlovchi qurilmalarning ishida global uzilish ro‘y berdi. Kompyuterni yoqqanda foydalanuvchilar tizim xatosini bildiruvchi “ko‘k ekran”ga ro‘para kelishdi.

Muammo ko‘plab davlatlar, jumladan, AQSh, Buyuk Britaniya, YeI davlatlari, Hindiston, Yangi Zelandiya va Avstraliyada kuzatilgan. Windowsʼning asosan pirat versiyasidan foydalanuvchi Rossiya va O‘zbekistonni bu muammolar chetlab o‘tgan.

Uzilishga sabab CrowdStrike kompaniyasining Falcon Sensor dasturining yangilanishi bo‘lgani aytilmoqda. CrowdStrike rahbari Jorj Kursning qayd etishicha, sodir bo‘lgan voqea kiberhujum yoki xavfsizlikka aloqador muammolarga bog‘liq emas.

Bir vaqtning o‘zida Microsoft 365 servisi va Microsoft Azure bulutli platforma ishlarida ham uzilishlar kuzatilgani xabar qilindi. Azureʼning ishdan chiqishi ham CrowdStrikeʼning yangilanishi bilan bog‘liq. Microsoft 365ʼdagi muammolar sababi sifatida Azure serverlarining konfiguratsiyasi o‘zgargani keltirilmoqda.

Uzilish natijasida aviatashuvchilar, banklar, tele- va radioeshittiruvchi kompaniyalar, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab ko‘plab tashkilotlarning ish rejimiga ziyon yetdi. Dunyoning bir necha yirik aviakompaniyalari parvozlarni bekor qilishga yoki kechiktirishga majbur bo‘lgan.

Flightaware portaliga ko‘ra, operatsion tizimda yuzaga kelgan global nosozlik tufayli jahon bo‘ylab 2,2 mingta aviareys bekor qilingan, qariyb 24 mingta reys kechiktirilgan.

Britaniyaning Sky News telekanali ko‘rsatuvlarni to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Yaponiyada McDonaldʼs tez taom tayyorlash restoranlarining 30 foizi kassa apparatlarida muammo kelib chiqqani uchun yopilgan.

Dasturiy ta’minot bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risidagi xabarlar fonida CrowdStrike aksiyalari 15 foizga tushib ketgan, Microsoft qimmatbaho qog‘ozlari ham 2 foizga arzonlashgan.

Ukrainaga yordam

Germaniyada 2025 yilgi budjetga Kiyev uchun avvalgiga nisbatan teng yarim miqdorda yordam belgilandi – 4 mlrd yevro. Hukmron koalitsiya davlat qarzini oshirmaslik uchun ko‘plab xarajatlarni qisqartirgan.

Germaniya moliya vaziri Kristian Linderga ko‘ra muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olingan foyda miqdori 4 mlrd yevroga teng, shu sababli nemis hukumati Ukrainaga bu qadar ko‘p pulni o‘z budjetidan ajratmaslikka qaror qilgan. Boz ustiga, G7 davlatlari ham Ukrainaga 50 mlrd yevro kredit bermoqchi.

Absolyut raqamlarda Germaniya Ukrainaga ko‘rsatilgan yordam bo‘yicha AQShdan keyin 2-o‘rinda turadi. 2022 yilning yanvaridan buyon AQSh Kiyevga 42,2 mlrd yordam ko‘rsatgan bo‘lsa, Germaniya 17,1 mlrd yevro pul bergan.

Bu orada Buyuk Britaniya ham Ukrainaga 15 yil muddatga 2 mlrd funt-sterling kredit ajratishini e’lon qildi. Tegishli kelishuv Ukraina mudofaa vaziri Rustam Umerov va Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili o‘rtasida tuzilgan. Bu pullar mudofaa sohasida ukrain-britan loyihalarini moliyalashtirishga yo‘natiriladi.

Rossiyaliklar migrantlar haqida

Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VsIOM) tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma rossiyaliklarning 81 foizi migrantlardan hayiqmasligini ko‘rsatib berdi.

Rossiya davlat so‘rovnoma xizmatining navbatdagi so‘rovnomasi kutilmaganda rossiyaliklarning aksariyati migrantlarni istalmas shaxslar deb hisoblashi haqidagi fikrlarda asos yo‘qligini ko‘rsatib berdi. So‘ralganlarning 81 foizi migrantlarga nisbatan salbiy kayfiyatda emasligini aytgan. Faqat 12 foiz so‘ralganlar mavjud migratsion siyosatdan cho‘chishini bildirgan.

VsIOM siyosiy tadqiqotlar departamenti rahbari Mixail Mamonov rossiyaliklarning katta qismi mamlakatning ko‘p millatli bo‘lishi uni yanada kuchaytiradi degan fikrda ekanini aytgan.

“Biz migrantlarga nisbatan nafrat yo‘qligiga guvoh bo‘lmoqdamiz: 81 foiz so‘ralganlar o‘zi yashayotgan aholi punktiga boshqa joydan kelganlarga nisbatan negativ his-tuyg‘ular tuymasligini bildirgan. Bu juda katta ko‘rsatkich”, – degan Mamonov.

Bayden poygadan chiqadimi?

AQSh prezidentining ayrim ittifoqchilari Bayden yaqin kunlarda saylovoldi kampaniyasidan chiqishi mumkinligini tan olmoqda.

Yangi muddatga o‘z nomzodini qo‘ygan AQSh prezidenti Jo Baydenning oila a’zolari uning saylovoldi kampaniyasidan voz kechish ehtimolini muhokama qila boshladi, deb xabar berdi NBC News manbalarga tayanib.

Telekanal suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, 81 yoshli Baydenning oilasi uning yangi prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yishdan bosh tortishi qanday bo‘lishi mumkinligini muhokama qilgan. Manbalarning ta’kidlashicha, har qanday reja Demokratik partiyani Respublikachilardan nomzod Donald Trampni mag‘lub etish uchun eng qulay pozitsiyaga keltirishi lozim. Bundan tashqari, reja Baydenning siyosat sohasidagi 50 yildan ortiq mehnatiga munosib bo‘lishi kerak.

Muhokama markazida birinchi xonim Jill Bayden, prezidentning o‘g‘li Hanter Bayden va singlisi Valeri Ouens, shuningdek, bir qancha yaqin yordamchilar bor.

Oq uy matbuot kotibi Endryu Beyts Baydenning oila a’zolari bunday suhbatlar o‘tkazayotganini rad etdi. Unga ko‘ra, bunday bayonotlar bilan chiqqan odamlar Bayden oilasi yoki uning jamoasi nomidan gapirmayapti.

Rossiyada kadrlar yetishmayapti

Rossiya iqtisodiyotining ayni paytdagi asosiy muammolaridan biri – kadrlar taqchilligi borgan sari oshib bormoqda. 2024 yilning II choragida kadrlar bilan ta’minlanganlik barcha kuzatuvlar tarixida navbatdagi minimumni yangladi, deya xulosa chiqargan Rossiya Markaziy banki korxonalarning yangi monitoringida.

14,7 mingta korxonaning xodimlar bilan ta’minlangani to‘g‘risidagi javoblar balansi –30,8 foizni tashkil etgan. Bu raqam xodimlar yetarli bo‘lgan va bo‘lmagan korxonalar o‘rtasidagi farq bo‘lib, 2023 yilning boshidan buyon kamayib bormoqda. Masalan 2002 yilning IV kvartalida u –16,2 foizni tashkil etgan.

Bunga asosiy sabablar demografiya va urush bo‘lib, har ikkisi chuqurlashmoqda. Yuz minglab odamlar ishlash o‘rniga urushda qatnashmoqda, ko‘pchiligi urushda o‘lgan yoki mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotgan. Yana 700 ming miyali kadrlar xorijga emigratsiyaga chiqib ketgan. Boz ustiga, bularning barchasi Ikkinchi jahon urushidan keyin tug‘ilgan va mehnat bozorini tark etayotgan ko‘p sonli bumerlar o‘rniga, nolinchi yillar boshida tug‘ilgan kam sonli melleniallar kirib kelayotgan chog‘da yuz bermoqda.

Ko‘proq yangiliklar: