Bayden poygadan chiqsa, uning o‘rnini Xarris egallaydi – OAV

Jahon 20:24 / 20.07.2024 13524

AQSh Demokratik partiyasi vakillari, agar Jo Bayden saylovdan voz kechsa, vitse-prezident Kamala Xarrisni prezidentlikka nomzod sifatida tanlashga ko‘proq moyil bo‘lmoqda. Ichki so‘rovlarga ko‘ra, demokratlar Xarris xonimning nomzodini partiyadagi «ishtiyoqni oshirish» uchun eng foydali deb hisoblamoqda. Bu haqda CNN manbalarga tayanib yozdi.

Qayd qilinishicha, ko‘plab demokratlar prezidentlikka ehtimoliy yangi nomzodni muhokama qilishdan bosh tortmoqda, chunki Bayden kelasi hafta poygaga qaytishi kutilmoqda. Hozir u koviddan davolanmoqda.

Ammo demokratlar orasida «hamma narsa o‘zgarishi mumkin» deb hisoblaydiganlar ham bor. Vakillar palatasining demokrat a’zolaridan biri Kamala Xarrisni Jo Baydenning o‘rnini egallashi kerak, deb hisoblamoqda, chunki «u prezident rahbarligida kuchli kampaniya olib bormoqda». CNN manbasiga ko‘ra, demokratlar uchun zudlik bilan vitse-prezident atrofida birlashish muhim bo‘ladi. Boshqa manbaning aytishicha, hozir Xarris xonimning «prezidentlik lavozimi uchun tayyorligi baholanmoqda».

Respublikachilar partiyasidagi manbaning aytishicha, ular Jo Bayden o‘rnini Kamala Xarris egallashidan foyda ko‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikachilar bu holatda Xarris xonimning ota-onasi Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilmagani tufayli uning prezidentlikka ko‘rsatilishining qonuniyligi masalasini ko‘taradi.

Jo Baydenning prezidentlik poygasidan voz kechishi mumkinligi haqidagi munozaralar uning respublikachi nomzod Donald Tramp bilan bo‘lgan debatidan so‘ng boshlandi. Financial Times gazetasining yozishicha, shundan keyin Demokratik partiya homiylari Bayden kampaniyasiga mablag‘ ajratishdan bosh tortgan.

Ko‘proq yangiliklar: