Shols Zelenskiyning Ukraina uzra raketalarni urib tushirish haqidagi iltimosini rad etdi

Jahon 11:14 / 19.07.2024 4375

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning G‘arb ittifoqchilariga Ukraina hududi uzra Rossiya raketalari va dronlarini o‘z qurollari bilan urib tushirish haqidagi iltimosini rad etdi. Bu haqda dpa agentligi 18 iyul, payshanba kuni xabar berdi.

Bundan tashqari, Volodimir Zelenskiy ham taklif qilingan Britaniyaning Vudstok shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Germaniya hukumati rahbari Shols Ukraina rahbarining Rossiya hududiga hujumlar uchun G‘arb qurollaridan foydalanish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish haqidagi iltimosini yana bir bor rad etdi.

Jurnalistlarning boshqa NATO davlatlari ham shunday yondashuvga ega ekanligi haqidagi savoliga javob berar ekan, Olaf Shols quyidagicha ta’kidladi: «Men shunday bir fikrdamanki, bunday qadamlarni muhokama qilib bo‘lmaydi, Qo‘shma Shtatlar ham bu masalada juda aniq pozitsiyani egallaydi». 

Zelenskiy g‘arbdagi ittifoqchilarni Rossiya raketalarini urib tushirishga chaqirdi 

Prezident Volodimir Zelenskiy G‘arb ittifoqchilarini Ukraina hududi uzra Rossiya raketalari va dronlarini urib tushirishga chaqirdi. U 18 iyul, payshanba kuni Britaniyaning Vudstok shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammitida so‘zlagan nutqida shunday dedi: «Ularni urib tushirish uchun jamoaviy iroda bo‘lishi kerak, xuddi (Isroil ustidan) Eron raketalari va dronlarida bo‘lgani kabi». Aprel oyida Eronning Isroilga 300 dan ortiq raketa va dronlardan foydalangan hujumi AQSh, Britaniya va Fransiya samolyotlari va havo mudofaa tizimlari tomonidan qaytarilgandi.

Ukraina NATO davlatlarini hatto 2022 yilda Rossiyaning keng miqyosli hujumi boshida ham mamlakat hududida uchish taqiqlangan hudud yaratishga chaqirgan. Alyans Ukraina armiyasini havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan jihozlashni va’da qilib, yuqoridagi taklifni rad etdi. 

Rossiya havo hujumlari to‘xtamagani va 2024 yil mart oyidan beri Rossiya ko‘plab energiya obektlarini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lganligi sababli, Ukraina birinchi marta Rossiya raketalari va dronlarini havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilishini talab qilayotgani yo‘q.  

Polsha yaqinda G‘arbiy Ukraina havo hududini himoya qilish bo‘yicha xuddi shunday taklif bilan chiqdi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg buni rad etdi. «Biz Rossiya harbiy samolyotlariga qarshi kurashda Ukrainani qo‘llab-quvvatlasak-da, mojaro tarafiga aylanmaymiz, NATO bunga bevosita aralashmaydi», dedi u. 

Ko‘proq yangiliklar: