Rossiyada WSJ jurnalisti Evan Gershkovich 16 yilga qamaldi

Jahon 17:32 / 19.07.2024 6433

Rossiyada Amerikaning The Wall Street Journal nashri jurnalisti, josuslikda ayblanayotgan Evan Gershkovich 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda jahon axborot agentliklari xabar bermoqda.
 
Avvalroq prokuror Mikael Ozdoyev uni 18 yilga qattiq tartibli koloniyaga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragandi, deb xabar berdi 19 iyul, juma kuni "Interfaks" Rossiya davlat agentligi. 66.RU portali, o‘z navbatida, Gershkovich aybini tan olmaganini yozdi. Qayd etilishicha, sud tergovi faqat ikki majlisda davom etgan. Hukm mahalliy vaqt bilan soat 17.00 da e’lon qilindi.

Evan Gershkovich ishi

The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovich 2023 yil mart oyida Rossiyada qo‘lga olingan. U Moskvadagi Lefortovo sudi qarori bilan "josuslik" ishi bo‘yicha hibsga tashlandi. Gershkovich Sovuq urush tugaganidan keyin Rossiyada shunday ayblovlar bilan hibsga olingan birinchi xorijlik muxbir bo‘ldi. 

"FSB" ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist "Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan". Gershkovichning o‘zi ham, WSJ ham bu ayblovlarni rad etadi, Oq uy esa ularni "bema’ni" deb atadi.

Gershkovichning ehtimoliy almashtirilishi

Joriy yilning fevral oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan intervyuda amerikalik jurnalist Taker Karlson unga Gershkovichni "yaxshi niyat belgisi sifatida" ozod qilishni taklif etdi, shunda Karlson uni Qo‘shma Shtatlarga olib ketishi mumkin bo‘lardi. Bunga javoban Putinning aytishicha, Rossiya shunchalik ko‘p xayrixohlik ko‘rsatganki, u «barcha limitni tugatganga o‘xshaydi». Shunga qaramay, Putin Gershkovichni almashish variantini rad etmadi. 

The Wall Street Journal 2023 yil sentabrida Putin Rossiya maxsus xizmatlari xodimi ekani aytilayotgan Vadim Krasikovni ozod qilishga shaxsan buyruq berganini yozgan edi. Krasikov Germaniyada chechen bo‘lginchilarining sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. 

Ko‘proq yangiliklar: