Ipotekabank jarimaga tortildi – Raqobat qo‘mitasi

O‘zbekiston 20:38 / 19.07.2024 4735

2024 yil 10 iyulda Raqobat qo‘mitasi reklama berish bo‘yicha qonun talablarini buzgani uchun Ipotekabankka nisbatan ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.

Ipotekabank o‘zining Instagramʼdagi sahifasida Super nomli omonat turi bo‘yicha reklama joylashtirgani, reklamada ushbu omonat turi bo‘yicha yillik foiz stavkasi 26 foizdan ekani bayon etilgani xabar qilingandi. Raqobat qo‘mitasining o‘rganishlariga ko‘ra, 26 foizlik stavka dastlabki 3 oy uchun amal qilishi, keyingi uch oy uchun bu ko‘rsatkich 14 foizgacha pasaytirilishi ma’lum bo‘lgan.

Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Maxsus komissiyasi “Ipotekabank” ATIB tomonidan nomaqbul (noto‘g‘ri) reklamaga yo‘l qo‘ygan deb topilib, unga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilingan. Shuningdek, qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatma berilgan.

“Ma’lumot o‘rnida, Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega”, - deyiladi xabarda.

Xabarda bank qancha miqdorda jarimaga tortilgani ochiqlanmagan. Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban, jarima miqdorini ish doirasida e’lon qilish maqsadga muvofiq emas deb topilgani, qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘llanishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, nomaqbul reklama — noto‘g‘ri, axloqsiz, yashirin reklama, shuningdek ushbu qonun talablariga mos kelmaydigan boshqa reklama hisoblanadi. Qonunda nomaqbul reklamaga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Shuningdek, nomaqbul reklama berganlik, aksilreklama berishni rad etganlik — bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilgan. Hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori 340 ming so‘mni tashkil qiladi, demak bankka 23,8 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llangan.

Avvalroq qo‘mita Korzinka reklama bo‘yicha qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan deb topilgani va unga moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan sudga kiritish bo‘yicha qaror qabul qilingani haqida xabar bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: