O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
G‘azoni 40 mln tonna vayronalar chiqindisidan tozalash uchun 15 yil va 500 mln dollar talab qilinadi. Bu haqda BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturi ma’lumotlariga asoslanib xabar qilmoqda.
«Chiqindilar G‘azo sektori aholisi uchun o‘limli tahdiddir, chunki ularning tarkibida yorilmagan o‘q-dorilar va zaharli moddalar bor», - deyiladi BMT agentligi hisobotida.
BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturiga ko‘ra, chiqindilarning ayrim bo‘laklari asbest bilan ifloslangan — bu esa o‘pka kasalliklari, shu jumladan saraton keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xavfli mineral hisoblanadi. Shuningdek, tashkilot qurilish chiqindilarining katta qismida inson tanasi bo‘laklari borligini ham qayd etgan.
O‘tgan oyda Isroil armiya radiosi harbiy mulozimlarga asoslanib, 7 oktyabrdan buyon Isroil harbiy samolyotlari G‘azoga 50 mingdan ziyod bomba tashlagani, ularning 2-3 mingtasi yorilmay qolganini ma’lum qilgan edi.
286 kundan buyon to‘xtash bilmayotgan hujumlar natijasida G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 38 ming 848 kishiga yetdi. Yaradorlar soni 89 ming 459 kishi. Birgina so‘nggi sutka ichida 54 kishi halok bo‘ldi va 95 kishi yaralandi.
Isroilning qaysarligi
Isroil parlamenti Falastin davlatchiligini mutlaqo rad etuvchi qonun loyihasini qabul qildi.
Netanyahuning koalitsiyasi va o‘ng muxolifat partiyalar hammuallifligida qabul qilingan qonun loyihasi parlamentda katta ustunlik bilan qabul qilindi.
Bu rezolyutsiya Falastin davlatchiligini mutlaqo inkor etadi, hattoki Isroil bilan muzokaralar yo‘li bilan mojaroni tartibga solish doirasida ham.
“Isroil Knesseti Iordaniyadan g‘arbda Falastin davlatini tashkil etishga qat’iy qarshi chiqadi”, — deyiladi rezolyutsiyada.
Qonun loyihasi Angliya qiroli Charlz III tomonidan chorshanba kuni e’lon qilingan, Buyuk Britaniyaning ikki davlat yaratish to‘g‘risidagi siyosati tasdiqlangan bayonotiga ham tliq zid.
Eslatib o‘tamiz, BMT ekspertlar guruhi Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishi uchun barcha davlatlarni Falastin davlatini tan olishga chaqirgan edi.
Husiychilardan taklif
Yamanlik husiychilar Isroilga taklif bilan chiqishdi. Unga ko‘ra “Ansorulloh” harakati Isroilning Eylat portiga yo‘nalayotgan kemalarga hujum qilishni bas qiladi, buning uchun Isroil G‘azoning shimoliy qismiga insonparvarlik yordamlarini kiritishga ruxsat bersa bas.
Bu haqda husiychlarning yuqori martabali vakili Muhammad Ali al-Husiy ta’kidlab o‘tgan.
Uning fikriga ko‘ra, misrlik va qatarlik vositachilar Isroil bilan bundan bitim to‘g‘risida kelishib olishlari, HAMAS va boshqa falastin guruhlari bilan maslahatlashuvlarda rozilikka erishishlari mumkin.
Bunday kelishuv to‘g‘risidagi masala BAA va Iordaniyada shu hafta ichida bo‘lib o‘tadigan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida ko‘tarilishi mumkin. Bu esa hozirgi bosqichda G‘azoda sulhga erishishdan ko‘ra realroq ko‘rinishga ega bo‘lgan masala.
Yevropaning o‘z “NATO”si
Ikkinchi muddatga saylangan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropaning o‘z NATOsini tuzishni va’da qilmoqda.
Ursula fon der Lyayyen “Yevropa mudofaa ittifoqi” tuzilishini, shuningdek Yevropaning “yashil energetika kursi”ning sanoat uchun yukini yumshatishni va’da qildi.
“Rossiyaning bosqiniga qarshi kurash”da Ukrainani qancha talab qilinsa shuncha qo‘llab-quvvatlashni va’da qilib, fon der Lyayyen o‘rtaga Yevropaning ozodligi qo‘yilgani va mudofaaga imkon qadar ko‘proq sarmoya kiritish kerakligini ta’kidlagan.
Germaniyaning sobiq mudofaa vaziri Ursula fon der Lyayyen havo hujumidan mudofaa tizimi va kibermudofaa sohasida flagman loyihialar bilan “chinakam Yevropa mudofaa ittifoqi”ni tuzishni va’da qildi.
An’anaga ko‘ra Yevropa Ittifofqining mudofaa siyosati milliy hukumatlar va NATOning ustuvor siyosati hisoblanib kelingan, biroq so‘nggi vaqtlarda Rossiya-Ukraina urushi, shuningdek, Yevropa o‘zi himoyasini AQShga nechog‘lik ishonishi mumkinligi to‘g‘risida o‘sib borayotgan shubhalar fonida qo‘shma mudofaa loyihalariga chorlovlar ko‘proq yangramoqda.
Ukrainaga yordam
Yevrokomissiya Ukrainaga yana 4,2 mlrd yevro ajratishni qo‘llab-quvvatladi. Endi bu yangi moliyaviy yordam Yevropa Ittifoqi kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
«Yevropa Ittifoqi kengashida qabul qilingandan so‘ng, ushbu mexanizm bo‘yicha Ukraina uchun YeI tomonidan ajratiladigan mablag‘larning umumiy miqdori 12 milliard yevroga yetadi», – deydi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen.
Yevrokomissiya qaroriga ko‘ra, Ukraina moliyaviy yordam shartlari sifatida ilgari surilgan bir qator talablarni bajargan. Xususan, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi yanada samaraliroq kurashish bo‘yicha islohotlar, shuningdek, davlat kompaniyalari boshqaruvidagi o‘zgarishlar, milliy energiya va iqlim rejasini qabul qilish kabi.
“Barcha qiyinchiliklarga qaramay, Ukraina Rossiyadan o‘zini himoya qilib, mamlakatni yanada tiklash va Yevropa Ittifoqiga a’zolik sari olg‘a siljish uchun muhim islohotlarni amalga oshirmoqda”, dedi fon der Lyayyen. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yangi yordam paketini tezda tasdiqlashiga umid qilmoqda.
2024 yil fevralida YeI kengashi Ukrainaga 50 milliard yevrolik Yevropa yordam jamg‘armasini tashkil etishni ma’qullagan edi. To‘rt yilga mo‘ljallangan ushbu mablag‘lar grant va kreditlar ko‘rinishida berilishi rejalashtirilgan.
Bayden bas qiladimi?
Koronavirus yuqtirib, qisqa ta’tilga chiqqan Jo Bayden shu haftada prezidentlik poygasidan chiqishi mumkin. Unga partiya yetakchilari va yaqin do‘stlari tomonidan bosim kuchaymoqda, deb yozmoqda Axios portali.
Demokratlarning aytishicha, partiyaning yuqori martabali yetakchilari, do‘stlari va asosiy donorlari Bayden g‘alaba qozona olmaydi, yoshi va aqliy qobiliyati haqidagi jamoatchilik fikrini o‘zgartira olmaydi va Kongressda ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmaydi, deb hisoblaydi.
“Prezidentg agar u o‘z lavozimida qolsa, Tramp katta ustunlik bilan g‘alaba qozonib, Bayden merosi va demokratlarning umidlarini yo‘q qilishi mumkinligi aytilmoqda. O‘z nomzodini qaytarib olish uchun Baydenga nisbatan bosim, ayniqsa, so‘nggi bir necha kun ichida chidab bo‘lmas darajada oshib bormoqda”, deyiladi maqolada.
Demokratlar respublikachilarning milliy qurultoyidan keyin o‘tkazilgan so‘rovlar katta mag‘lubiyatni ko‘rsatayotgani va bu amalda demokratik partiyaning Kongressdagi mag‘lubiyatiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.
«Uning tanlovi — tarix qahramonlaridan biriga aylanish yoki Baydenning prezidentlik kutubxonasi hech qachon bo‘lmasligiga ishonch hosil qilish. U to‘g‘ri yo‘l tutadi, deb duo qilaman. U shu yo‘nalishda ketmoqda», degan prezidentning yaqin do‘stlaridan biri.
Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelousi Baydenga shaxsan qo‘ng‘iroq qilgan. Suhbat davomida u so‘rovnomalar Trampni mag‘lub eta olmasligini ko‘rsatayotganini aytgan.
Rossiyada migrantlarga yana cheklov
Rossiyaning yana bir oblastida migrantlarga ayrim kasblar bilan shug‘ulanishga cheklov joriy etildi. Tomsk oblastida endi migrnatlar taksi, umumiy ovqatlanish va savdo kabi bir nechta sohalarda ishlay olmaydi.
Bu borada Tomsk oblasti gubernatori Vladimir Mazur 1 noyabrdan boshlab mintaqadagi mehnat migrantlari faoliyatini cheklovchi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, mehnat qilish patentiga ega migrantlarga oziq-ovqat ishlab chiqarish va taom tayyorlash, chakana savdo, taksida yo‘lovchi tashish, shahar va shahar atrofi transporti, mehmonxona va restoran biznesi, kadrlar tanlash, xavfsizlikni ta’minlash, umumiy, kasb-hunar va oliy ta’lim, jismoniy tarbiya va sport sohalarida ishlashi taqiqlanadi.
Rossiya hududlarida 2015 yildan boshlab migrantlar mehnatiga cheklovlar joriy etilmoqda, dastlab bunday qarorni Perm o‘lkasi va Mari-El respublikasi hukumatlari qabul qilgan.
2024 yilda Rossiyaning bir qator hududlarida joriy etilgan edi. Bular — Trans-Baykal va Kamchatka o‘lkalari, Yugra avtonom okrugi, Nijniy Novgorod, Smolensk, Samara, Kemerovo, Voronej, Tula, Magadan, Kurgan, Novosibirsk, Chelyabinsk, Kaliningrad, Novgorod, Kursk, Saratov, Lipetsk va Kostroma oblastlari, shuningdek, anneksiya ostidagi Qrim. Endi ularga Tomsk oblasti ham qo‘shildi.