Blinken Eron yadro quroli uchun materiallar ishlab chiqarishga yaqinlashganini aytdi

Jahon 23:03 / 19.07.2024 4764

Eron yadroviy qurol ishlab chiqarish uchun materiallar olish imkoniyatiga yaqinlashmoqda, hozir bu bir-ikki hafta ichida yuz berishi mumkin. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.

«Yadroviy kelishuvdan voz kechilgani tufayli, biz Eronning yadroviy qurol materiallari ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishiga yillar emas, balki bir-ikki hafta qolgani haqida gapiryapmiz», dedi Blinken Kolorado shtatining Aspen shahrida bo‘lib o‘tgan xavfsizlik forumida.

U AQSh Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlab, Vashington bu masalani diplomatik yo‘l bilan hal qilishni ma’qul ko‘rishini ta’kidladi.

Blinkenning qo‘shimcha qilishicha, Eron hali yadro qurolini ishlab chiqarmagan bo‘lsa-da, Qo‘shma Shtatlar Tehronga uni «sekinlashtirishi» uchun bosim o‘tkazishi kerak.

«Agar Eron hamkorlikka jiddiy yondashsa, yadroviy dastur bo‘yicha ishlardan voz kechishi kerak», dedi davlat kotibi.

2015 yilda xalqaro vositachilar (Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh, Fransiya) va Eron yadroviy dasturini cheklash evaziga Tehronga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni ko‘zda tutuvchi Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini imzoladilar. 2018 yil may oyida AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu keilshuvdan chiqdi va Eronga qarshi bir tomonlama sanksiyalarni tikladi. Bunga javoban Tehron kelishuvdagi yadro dasturini cheklash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bosqichma-bosqich qisqartira boshladi.

Keyinchalik AQSh prezidenti Jo Bayden ma’lum shartlar ostida yadroviy kelishuvga qaytishga tayyorligini ma’lum qildi.

O‘tgan yilning dekabr oyida AEXA Eron o‘zining boyitilgan uran zaxirasini ko‘paytirib borayotgani haqida hisobot e’lon qildi.

Ko‘proq yangiliklar: