Baydenning oilasi uning poygadan chiqishini muhokama qilmoqda, Oq uy buni rad etdi

Jahon 22:10 / 19.07.2024 4890

Yangi muddatga o‘z nomzodini qo‘ygan AQSh prezidenti Jo Baydenning oila a’zolari uning saylovoldi kampaniyasidan voz kechish ehtimolini muhokama qila boshladi, deb xabar berdi NBC News manbalarga tayanib.

Telekanal suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, 81 yoshli Baydenning oilasi uning yangi prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yishdan bosh tortishi qanday bo‘lishi mumkinligini muhokama qilgan. Manbalarning ta’kidlashicha, har qanday reja Demokratik partiyani Respublikachilardan nomzod Donald Trampni mag‘lub etish uchun eng qulay pozitsiyaga keltirishi lozim. Bundan tashqari, reja Baydenning siyosat sohasidagi 50 yildan ortiq mehnatiga munosib bo‘lishi kerak.

Muhokama markazida birinchi xonim Jill Bayden, prezidentning o‘g‘li Hanter Bayden va singlisi Valeri Ouens, shuningdek, bir qancha yaqin yordamchilar bor.

Oq uy matbuot kotibi Endryu Beyts Baydenning oila a’zolari bunday suhbatlar o‘tkazayotganini rad etdi. Unga ko‘ra, bunday bayonotlar bilan chiqqan odamlar Bayden oilasi yoki uning jamoasi nomidan gapirmayapti.

NBC News manbasining aytishicha, Oq uyning yuqori martabali amaldorlari o‘rtasida Baydenning prezidentlik poygasidan chiqishi uchun mos rejani qanday ishlab chiqish haqida ham suhbatlar bo‘lgan. Oq uy matbuot kotibi bunday suhbatlar bo‘layotganini rad etdi.

Telekanalning qayd etishicha, AQSh prezidentining ayrim ittifoqchilari Bayden yaqin kunlarda saylovoldi kampaniyasidan chiqishi mumkinligini tan olmoqda. Shu bilan birga, telekanal Baydenning o‘zi ham saylovda g‘alaba qozonish niyatida ekanini bir necha bor aytganini ta’kidlaydi.

AQSh prezidenti Jo Bayden 27 iyun kuni Donald Trampga qarshi birinchi saylovoldi debatida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Shundan so‘ng Bayden vakili bo‘lgan Demokratik partiya vakillari uni saylovoldi poygasidan voz kechishga chaqira boshladilar. Bayden bunga javoban noyabr oyidagi saylovlarda ishtirok etishi va g‘alaba qozonishini kutayotganini aytdi. Demokratik partiyaning bir necha yuqori martabali a’zolari Axios nashriga Bayden 20-21 iyul kunlari prezidentlik poygasidan chiqib ketishi mumkinligini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: