Interfax xabariga ko‘ra, yashirin ovoz berish jarayonida fon der Lyayyenni yoqlab 401 nafar ovoz berildi, 284 nafar deputat qarshi, 15 nafari esa betaraf qoldi. Saylanish uchun unga 361 ovoz yetarli edi.
Ovoz berish fon der Lyayyenning asosiy nutqidan so‘ng bo‘lib o‘tdi, so‘ngra siyosiy fraksiyalar rahbarlari va deputatlar tomonidan muhokama qilindi.
Ursula fon der Lyayyen 2019 yildan beri Yevropa komissiyasini boshqarib kelmoqda. 6-9 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan YeP saylovida u eng ko‘p ovoz to‘plagan o‘ng markazchi Yevropa xalq partiyasi ro‘yxatini boshqargan.
27-28 iyun kunlari Bryusselda yig‘ilgan Yevropa Kengashi fon der Lyayyenni ikkinchi muddatga Yevropa komissiyasi raisi lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Yevropa Parlamenti tomonidan ma’qullangandan so‘ng, Yevropa Komissiyasi raisining nomzodi Yevropa Kengashi tomonidan rasman tasdiqlanishi kerak.
Ursula fon der Lyayyen 1958 yilda Belgiyada tug‘ilgan. 1978 yilda London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabini, 1987 yilda esa Hannover tibbiyot maktabini tamomlagan. U shifokor sifatida o‘qigan va 1991 yilda tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasini himoya qilgan.
Siyosiy faoliyatini 1990 yilda Germaniya Xristian Demokratik Ittifoqi (XDI) partiyasida boshlagan. 2009 yildan 2013 yilgacha Germaniya Mehnat va jamoat ishlari vaziri lavozimida ishlagan. 2013 yildan 2019 yilgacha Germaniya Mudofaa vazirligini boshqargan. U bu lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi.
2019 yilda Ursula fon der Lyayyen Yevropa komissiyasini boshqargan birinchi ayol bo‘ldi.
2022 va 2023 yillarda Forbes jurnali uni «dunyodagi eng qudratli ayol» deb topdi.