Rossiyaning “Lukoyl” neft-gaz kompaniyasiga qarshi Ukraina sanksiyalari kuchaytirilgani sababli Rossiya Federatsiyasidan neft endi “Drujba” neft quvuri orqali Vengriyaga yetib bormaydi. Bu haqda 17 iyul, chorshanba kuni Bloomberg yozganidek, Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi doirasidagi uchrashuvdan so‘ng aytib o‘tdi.
“Ukrainada huquqiy vaziyat yuzaga keldi, unga ko‘ra, “Lukoyl” hozirda Vengriyaga mahsulot yetkazib bermayapti”, — deya Siyyarto so‘zlarini keltiradi nashr.
Vengriya TIV rahbarining qo‘shimcha qilishicha, “Lukoyl” va Vengriyaning MOL energetika kompaniyasi hozirda quvur orqali neft yetkazib berishni tiklash bo‘yicha “qo‘shma huquqiy yechim ustida ishlamoqda”.
Rossiya Federatsiyasi Vengriyaga neftni Ukraina hududidan o‘tuvchi “Drujba” neft quvurining janubiy tarmog‘i orqali yetkazib bergan. O‘tgan yili Rossiya Federatsiyasidan Vengriyaga neft hajmi 2022 yilga nisbatan 2 foizga kamaydi, biroq Budapesht Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga qaramay, Moskva bilan energetika aloqalarini mustahkamlashda davom etdi va Rossiya tabiiy gazini yetkazib berishni ko‘paytirish bo‘yicha bir nechta shartnomalarni imzoladi.
Kiyev 2018 yilda “Lukoyl”ga qarshi sanksiyalarni joriy qilgan, biroq 2024 yil iyunida ularni sezilarli darajada kengaytirgan, xususan, Rossiya kompaniyasi mahsulotlarining Ukraina orqali tranzitiga taqiq kiritildi.