O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga, ya’ni qayta ijaraga berishga ruxsat etilmoqda. Bu ko‘zda tutilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqilib, uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasi bilan Yer kodeksi, “Ijara to‘g‘risida”gi va “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Yer kodeksining yer uchastkasi ijarasi to‘g‘risidagi 24-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berish belgilanmoqda. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga, ya’ni qayta ijaraga berishga ruxsat etish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasida yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kredit olish uchun garovga qo‘yilgan va kredit majburiyati bajarilmagan taqdirda, kreditorlar tomonidan mazkur yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, loyihada ijaraga olingan yer uchastkalari yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazishga, ya’ni ijarachilar yerlarga nisbatan o‘z huquq va majburiyatlarini sotish orqali qishloq xo‘jaligi yerlarini bozor aktiviga aylantirish normalari ko‘zda tutilmoqda.