Trampni otishgach odamlarda haqli savol paydo bo‘ldi: butun dunyodagi muammolarni hal qila olishini iddao qiladigan davlat qanday qilib sobiq va katta ehtimol bo‘lajak prezidentini 20 yoshli havaskor otishiga yo‘l qo‘ydi? Chindan harbiy budjeti trillion dollarga yetgan, dunyoda eng ko‘p maxsus qo‘shinlarga ega Amerika qanday qilib salkam prezidentni otishlariga yo‘l qo‘yishi mumkin? BBC suiqasddagi xavfsizlik bilan bog‘liq fikrlarni jamladi.
Politsiya «hasharga chaqirilgan»
Suiqasd atrofidagi voqealarga qaraganda, aftidan, Amerikada ham tashkilotlarni «hasharga chaqirish» tizimi mavjud ko‘rinadi. AQSh Maxfiy xizmati rasmiy vakili Entoni Guliyelmining so‘zlariga ko‘ra, bu tashkilot agentlari miting kabi yirik tadbirlar xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli emas va ular politsiya yordamiga umid qilishadi. Bu gapdan kelib chiqadiki, prezidentlikka nomzodni qo‘riqlash to‘g‘ridan to‘g‘ri politsiya vazifasiga kirmaydi va ular shunchaki Maxfiy xizmatga yordamchi o‘laroq (ya’ni hasharga) jalb qilinadi.
Maxfiy xizmat vakiliga ko‘ra, tashkilot agentlari miting o‘tkazilgan maydon ichkarisidagi xavfsizlik uchun javob bergan. Mahalliy politsiya esa atrofdagi obektlarni, xususan, qotil tomida bo‘lgan binoni qo‘riqlashi kerak edi. BBC bilan suhbatlashgan mahalliy sherif ma’muriyati esa qotil foydalangan xususiy obekt uchun ular javobgar emasligini aytgan.
Sherif o‘z ixtiyorida bo‘lgan barcha resurslarni tadbirga jalb qilganini bildirgan. Unda Tramp o‘lishiga bir baxya qolgan fojia qanday sodir bo‘ldi? Xavfsizlik tizgini qayerda uzildi? Sherif Maykl Slup qo‘riqlashni tashkil etishda xato bo‘lganini tan olgan, lekin bunda aynan bir tomonni ayblash to‘g‘ri emasligini qo‘shimcha qilgan.
Odamlar qurol bilan tomga chiqib ketgan qotilni payqagani, u haqda politsiyaga xabar bergani tasvirlangan video ham tarqaldi. Guvohlar e’lon qilgan videoda odamlar qotilni suiqasddan kamida ikki daqiqa avval ko‘rganini bilish mumkin. Ba’zi xabarlarga ko‘ra, Kruks tomga narvonda bemalol chiqib borgan.
Maxfiy xizmat direktori Kimberli Chitlga ko‘ra, Kruks Trampga o‘q uzgan bino ichida politsiyachilar bo‘lgan. Mulozim bu gapi bilan qotil Trampga o‘q uzishida bevosita politsiyani ayblagan. Tabiiyki, amerikaliklarda Maxfiy xizmat agentlari va politsiya nega o‘z harakatlarini muvofiqlashtirmagani borasida savollar paydo bo‘lgan. Qotil qanday qilib Trampga bu qadar yaqinda joyda qurol bilan paydo bo‘ldi, demoqchi amerikaliklar, xususan.
BBC nashri yozishicha, jinoyatchi tomida bo‘lgan bino ichida uch nafar mergan ham bo‘lgan. Nashr 2002 yildan 2010 yilgacha saylov mitinglarida xavfsizlikni ta’minlashda qatnashgan sobiq agent Jyeyson Rassel bilan suhbatlashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Maxfiy xizmat bunday katta tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun politsiya yordamidan foydalanishi tabiiy, chunki Maxfiy xizmatda agentlar soni cheklangan.
Rasselga ko‘ra, bunday tadbirlarda Maxfiy xizmat agentlari miting o‘tkaziladigan joyni tanlaydi, u yerda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chora ishlab chiqadi va bu haqda mahalliy politsiyani xabardor qiladi. Sobiq agent va hozirda xavfsizlik bo‘yicha konsalting kompaniyasi asoschisi killer aniqlangan taqdirda ham u haqda Maxfiy xizmat agentlariga xabar berishga kamida 10 soniya vaqt ketishini aytadi. «Qotil bu vaqtda ishini bitirishga ulgurishi mumkin», deydi suhbatdosh.
NBC News ikki manbasiga asoslanib, Maxfiy xizmat tadbir boshlanishidan avval aynan qotil bo‘lgan tomni qo‘riqlash noqulay bo‘lgan joy sifatida qayd etganini yozdi. Sobiq agent Rassel ham voqea joyini kuzatib tom xavfli nuqta bo‘lganini qayd etgan. Uning fikricha, Maxfiy xizmat tom yaqiniga politsiya zobitlarini joylashtirishi kerak bo‘lgan, ammo nima uchundir bunday qilinmagan.
AQSh armiyasida 21 yil xizmat qilgan Tomas Glison jurnalistlar bilan suhbatda kimdir mitingda Trampni o‘ldirmoqchi bo‘lsa, bu ish uchun Kruks chiqqan tom eng ideal joy ekanini aytgan. «Bu joy sahnaga yaqin va otish uchun juda qulay nuqtada joylashgani hisobga olinsa, u yerni qattiqroq qo‘riqlash kerak bo‘lgan», deydi sobiq harbiy.
«AQSh xavfsizlik tizimi uchun sharmandalik»
Suiqasd fonida AQSh Maxfiy xizmati va mitingda xavfsizlikni ta’minlashi kerak bo‘lgan idoralarga bosim ortib bormoqda. Mamlakat Ichki xavfsizlik vaziri Aleksandr Mayorkas bo‘lib o‘tgan voqeani sharmandalik deb atadi. Maxfiy xizmat direktori Kimberli Chitl ayni damda bo‘lib o‘tgan voqea qanday sodir bo‘lgani haqida mahalliy politsiya bilan muhokama olib borilayotganini ta’kidlagan. U barcha javobgarlikni zimmasiga olishi, lekin iste’foga chiqmasligini aytdi.
Chitl xonim 22 iyul kuni Vakillar palatasida hisob berishi kerak. Respublikachilar partiyasi ham Maxfiy xizmatga bosim o‘tkazib, mitingga tayyorlanishga oid barcha rejalar, xarita, diargamma, audio va videolarni taqdim etishni talab qilmoqda.