Litva Latviya ortidan Belarus davlat raqamlariga ega bo‘lgan avtomobillarning mamlakatga kirishiga taqiq joriy qildi. Litva bojxona saytida 17 iyul, chorshanba kuni xabar qilinganidek, taqiq 18 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 00.00 da kuchga kiradi. Bu yengil avtomobillarga, ularning egasi yoki haydovchisi fuqaroligidan qat’i nazar, amal qiladi. Faqat diplomatik transport vositalari uchun istisno mavjud.
Litva hududida bo‘lgan avtomobillar 2025 yil 18 yanvargacha olib chiqilishi yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Avtomobil egalari buni qilmasa, jarimaga tortiladi va avtomobil musodara qilinadi.
Taqiq bir oydan keyin to‘liq kuchga kiradi
Litva bojxona qoidalariga ko‘ra, 16 avgustga qadar Belarus avtomobillari, agar ular sotish uchun mo‘ljallanmagan bo‘lsa va amaldagi vizasi yoki yashash uchun ruxsatnomasi bo‘lgan belaruslarga tegishli bo‘lsa, mamlakatga kirishi mumkin. Ushbu vaqtinchalik istisno yuridik shaxslarga taalluqli emas. 16 avgustdan keyin kirish taqiqi to‘liq amal qiladi.
16 iyuldan boshlab Latviyada Belarusda ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillarning kirishiga taqiq joriy etildi. Riga bu qarorini YeI tomonidan Rossiya va Belarusga nisbatan kiritilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish xavfini kamaytirish zarurati bilan izohladi.