Britaniya yangi leyboristlar hukumati ostida NATO qadriyatlariga sodiq qoladi va Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilish jarayonida Ukrainaga yordam berishga intiladi. Bu haqda 17 iyul, chorshanba kuni Britaniya qiroli Charlz III yangi parlament birinchi sessiyasining ochilish marosimida bosh vazir Kir Starmer dasturini taqdim etar ekan, aytib o‘tdi.
«Mening hukumatim Ukraina va uning xalqini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, Ukrainaga NATOga a’zo bo‘lish uchun aniq yo‘lni ta’minlashda yetakchi rol o‘ynashga intiladi», — dedi u. Charlz III so‘zlariga ko‘ra, Britaniya yangi hukumati shaxsiy erkinlik, demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligi kabi NATO umumiy qadriyatlari asosida mamlakatning ishonchli mudofaa qobiliyatini ta’minlaydi. «U NATOga sodiq qoladi», dedi qirol va Starmer qurolli kuchlarni qayta tiklashini qo‘shimcha qildi.
Britaniya Yevropaga yaqinlashadi
Charlz III yangi parlament a’zolariga murojaat qilib, leyboristlar hukumati davrida Britaniya yevropalik sheriklar va YeI bilan munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish uchun faol harakat qilish niyatida ekanini aytdi.
«Hukumatim yevropalik hamkorlar bilan munosabatlarni tiklashga intiladi, savdo va sarmoya bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qiladi», dedi qirol. U vazirlar mahkamasi o‘zaro tahdidlarga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi xavfsizlik paktini tuzishga intiladi, deb va’da berdi.
«Mening hukumatim Yaqin Sharqda uzoq muddatli tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga harakat qilishda o‘z rolini o‘ynaydi», deya qo‘shimcha qildi monarx Britaniyaning ikki davlat - Isroil va Falastin g‘oyasiga sodiqligini ta’kidlab.
Iyul oyida Britaniyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi, natijada mamlakatni 14 yil boshqargan konservatorlar mag‘lubiyatga uchradi: leyboristlar partiyasi parlamentdagi 650 o‘rindan 411 tasini qo‘lga kiritdi, konservatorlar faqat 121 o‘rinni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.