Ukraina va Chexiya patron ishlab chiqarish zavodini quradi

Jahon 09:18 / 17.07.2024 1886

«Ukroboronservis» Ukraina davlat konserni Chexiyaning Sellier & Bellot qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bilan birgalikda Ukrainada o‘q-dorilar ishlab chiqaruvchi zavod qurishni rejalashtirmoqda. Ukraina bosh vaziri Denis Shmixalning 16 iyul, seshanba kuni ma’lum qilishicha, bu boradagi kelishuv uning Chexiya-Ukraina hukumatlararo maslahatlashuvlarida ishtirok etish uchun Pragaga tashrifi chog‘ida imzolangan. Shartnoma tafsilotlari keltirilmagan.

Pragada imzolangan yana bir kelishuv Colt CZ Group tomonidan avtomatlar ishlab chiqarish bilan bog‘liq. Shmixal matbuot anjumanida Ukraina tomonida qaysi kompaniya ishtirok etayotganiga aniqlik kiritmay, buni xavfsizlik masalalari bilan bog‘ladi, deb yozadi «Yevropa haqiqati». 

Bundan tashqari, hukumatlararo maslahatlashuvlar natijasida Ukraina va Chexiya o‘rtasida ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, energetika, mudofaa va kosmik sanoat sohalarida qator kelishuv va memorandumlar imzolandi. 

«Ikki tomonlama uchrashuvda biz iqtisodiy va mudofaa sohasidagi hamkorlikni, energetika muammolarini muhokama qildik, Ukraina prezidentining tinchlik formulasini amalga oshirish, ukrainalik himoyachilar uchun zarur qurol-yarog‘larni yetkazib berish Chexiya Respublikasi uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda», — deb yozdi Shmixal Telegram’da. 

Vazirlar darajasida bir nechta kelishuvlar

Ukraina delegatsiyasining Pragaga tashrifi chog‘ida ikki davlat ichki ishlar vazirlari politsiya idoralari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni, mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirlari esa idoralar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Bundan tashqari, Chexiya transport vaziri va Ukraina kosmik agentligi direktori kosmik sohada texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumini imzolagan. Ukraina energetika sohasida, jumladan, neftni «Janubiy do‘stlik» neft quvuri orqali tashish, vodorod energetikasi sohasidagi hamkorlik, energetika tizimini markazsizlashtirish va energetika infratuzilmasini tiklash bo‘yicha o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumini ham imzoladi. 

Ko‘proq yangiliklar: